E’zoza Karimova MTT direktorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalalari bugungi kunda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova bir guruh maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda vazirlik markaziy apparati bo‘linmalari rahbarlari ham ishtirok etdi. Muloqot davomida maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga oid qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, xususiy sektorni yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar berish, imtiyozli toifaga mansub bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish, tarbiyachilarning oylik ish haqini oshirish imkoniyatlari haqida fikr almashildi.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini sifatli yo‘lga qo‘yish, pedagog xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish hamda inklyuziv ta’limni keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot chog‘ida ishtirokchilar sohadagi mavjud muammolar, amaliy takliflar va tashabbuslar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ta’kidlanganidek, bunday ochiq muloqotlar ta’lim muassasalari faoliyatida uchrayotgan muammolarni joyida hal etish va tizim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA