“Markaziy Osiyo + Yaponiya” — ishonch, manfaatlar uyg‘unligi va uzoqni ko‘zlagan siyosiy iroda yo‘li
Munosabat
Jahon siyosatida ishonch sinovdan o‘tayotgan, global iqtisodiyot yangi muvozanatni qidirayotgan bir pallada ayrim mintaqalar kelajakka umid bilan qarash mumkinligini amalda isbotlamoqda. “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammiti aynan shunday umid va strategik muloqot maydoniga aylandi. Tokioda bo‘lib o‘tgan ushbu tarixiy uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar Markaziy Osiyoning ochiq, integratsiyalashgan va barqaror rivojlanishga qaratilgan yangi qiyofasini yaqqol namoyon etdi.
Prezidentimiz nutqida avvalo, Yaponiyaning 20 yil avval “Markaziy Osiyo plyus” muloqotiga asos solgan tashabbusi strategik jihatdan naqadar to‘g‘ri bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Bugun aynan shu formatda ilk sammitning o‘tkazilishi o‘zaro ishonch va izchil hamkorlikning mantiqiy natijasi sifatida baholandi. Bu sammit — tasodifiy diplomatik tadbir emas, balki ikki mintaqani uzoq muddatli sheriklikka bog‘laydigan yangi bosqichning boshlanishidir.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi aloqalarni faqat zamonaviy siyosiy munosabatlar doirasida emas, balki Buyuk Ipak yo‘li davridan boshlangan tarixiy va ma’naviy yaqinlik nuqtai nazaridan yoritdi. Nara shahri misolida keltirilgan tarixiy bog‘liqlik, xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘xshash qadriyatlar bugungi hamkorlik uchun mustahkam sivilizatsion asos ekanini ko‘rsatdi.
Prezidentimiz nutqining markaziy g‘oyalaridan biri — hamkorlikni tizimli va uzoq muddatli strategiya asosida rivojlantirish taklifi bo‘ldi. Shu ma’noda “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi.
Ushbu hujjat mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishi, global iqtisodiy zanjirlarga chuqur integratsiyasi, innovatsiya, texnologiya va inson kapitaliga sarmoya kiritishga qaratilgan aniq dastur va loyihalarni qamrab olishi ko‘zda tutilmoqda. Bu qisqa muddatli manfaatlar emas, balki kelajak avlodlar manfaatlarini ko‘zlagan strategik yondashuvdir.
Iqtisodiy hamkorlik masalalarida Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ham mazmunan chuqur va amaliy xarakterga ega. Markaziy Osiyo infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish, “Sifatli infratuzilma” dasturini ishga tushirish takliflari Yaponiyaning ilg‘or texnologiyalari, muhandislik standartlari va investitsiya salohiyatini mintaqa taraqqiyotiga jalb etishga xizmat qiladi. Bu yondashuv Markaziy Osiyoning faqat resurs manbai emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan hududga aylanishini ko‘zda tutadi.
Raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalar sohasidagi tashabbuslar ham sammit kun tartibining muhim qismi bo‘ldi. “Markaziy Osiyo – Yaponiya” raqamli xabini tashkil etish g‘oyasi sun’iy intellekt, robototexnika, “buyumlar interneti” va kiberxavfsizlik kabi sohalarda ko‘ptomonlama hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bu esa mintaqada raqamli transformatsiyani jadallashtirish va iqtisodiy o‘sishning yangi drayverlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ekologik kun tartibi ham Prezident nutqida alohida o‘rin tutdi. O‘zbekiston tomonidan zararli gazlar chiqarilishini qisqartirish, “yashil” energetika ulushini oshirish bo‘yicha qo‘yilgan maqsadlar Yaponiyaning “Yashil transformatsiya” tashabbusi bilan uyg‘un ekani ta’kidlandi. Qayta tiklanadigan energetika, energiya samaradorligi, ekologik monitoring va Orolbo‘yi muammolarini hal etish bo‘yicha qo‘shma dasturlar taklifi mintaqaviy barqarorlikning ekologik o‘lchamini kuchaytirishga qaratilgan.
Madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari ham nutqda chetda qolmadi. Ta’lim vazirlari uchrashuvi, rektorlar forumi, yoshlar dasturlari va festivallar tashabbusi xalqlar o‘rtasidagi uzoq muddatli ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu ma’noda, Osakadagi “EKSPO” Butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston pavilonining Oltin mukofotga sazovor bo‘lgani mamlakatimizning zamonaviy, ochiq va innovatsion qiyofasi xalqaro miqyosda e’tirof etilganining yorqin dalilidir.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammitidagi nutqi tashabbuslarga boy, chuqur o‘ylangan va kelajakka qaratilgan strategik dasturdir. U Markaziy Osiyoning Yaponiya bilan hamkorlikda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni sifatida shakllanayotganini yana bir bor namoyon etdi. Bu yo‘l ishonch, manfaatlar uyg‘unligi va uzoqni ko‘zlagan siyosiy iroda yo‘lidir.
Hilola Yusupova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.