Mariya Timofeyeva Istanbuldan quruq qaytmoqchi emas
Turkiyaning Istanbul shahrida tennis bo‘yicha WTA125 tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirda mamlakatimizning uchinchi raqamli tennischisi Mariya Timofeyeva yakkalik va juftlik bahslarini muvaffaqiyatli boshladi.
Yakkalik bahslarining birinchi davrasida Mariya Timofeyeva germaniyalik Noma Noxa Akugue bilan raqobatlashdi va 6:4, 6:3 hisobida zafar quchdi. Endi ikkinchi davrada latviyalik Adelina Lachinova bilan kuch sinashadi.
Shuningdek, Mariya mazkur musobaqaning juftlik bellashuvlarida yana bir vakilimiz Polina Kudermetova bilan tandemda birinchi davrani turkiyalik tennischilar Chag‘la Buyukakchay va Ayla Aksu duetiga qarshi o‘tkazdi. Tennischilarimiz ushbu uchrashuvda 6:3, 7:6 hisobida g‘alaba qozondi.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 115 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu turnirda Polina Kudermetova ilk davrada turkiyalik Chag‘la Buyukakchayni 6:3, 6:1 hisobida taslim etgan edi.
Endi tennischimiz navbatdagi bosqichda rossiyalik Anastasiya Gasanova bilan kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA