Marius Dan: “O‘zbekiston IPOsi xalqaro investorlar uchun juda jozibador bo‘ldi”
O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) IPOsi mamlakat kapital bozorida yangi bosqichni boshlab bergan muhim voqea sifatida baholandi. U so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, modernizatsiya va keng ko‘lamli transformatsiya siyosati o‘z samarasini berayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Bu haqda “Templeton Global Investments” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori hamda “Franklin Templeton Asset Management” MCHJ XK bosh direktori Marius Dan quyidagicha fikr bildirdi:
– Avvalo, mazkur matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) IPOsi natijalarini muhokama qilish imkoniyati yaratilganidan mamnunmiz. Jahon institutsional investorlarining ushbu IPOga bo‘lgan qiziqishi juda yuqori bo‘ldi. O‘zbekiston bozori ilgari xalqaro investorlar uchun deyarli yopiq bo‘lgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar va modernizatsiya jarayonlari tufayli Milliy investitsiya jamg‘armasi juda jozibador investitsiya platformasiga aylandi.
IPO O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning real natijalarini yaqqol ko‘rsatdi. Investorlar yurtingizning kelajakdagi iqtisodiy istiqbollariga ishonch bildirmoqda, chunki islohotlar samarasi kompaniyalar daromaddorligi va moliyaviy ko‘rsatkichlarida allaqachon aks eta boshlagan. Kelgusida esa bu tendensiya yanada kuchayishi kutilyapti.
Jamg‘arma 2025-yil 1-maydan faoliyat boshlab, IPOga tayyorgarlikni zudlik bilan boshladi. Aksiyalarni joylashtirish jarayonida banklar, yuridik maslahatchilar va xalqaro ekspertlar jalb qilinib, keng qamrovli marketing va investorlar bilan ishlash strategiyasi yo‘lga qo‘yildi. 2025-yil sentabridan 2026-yil apreliga qadar 27 mamlakatdan 147 ta institutsional investor bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, dunyo bo‘ylab jami 470 dan ortiq investorlik muloqotlari tashkil etildi.
Bu jarayonda investorlar tarkibi ham keng qamrovli bo‘ldi. Pensiya jamg‘armalari, suveren fondlar, oilaviy investitsiya ofislari va uzoq muddatli institutsional sarmoyadorlar faol ishtirok etdi. Natijada 2,8-2,9 milliard dollar atrofida umumiy talab shakllandi va IPO taklifi 4 baravardan ortiq qoplandi, ayrim holatlarda esa 6-7 baravargacha ortiq talab kuzatildi.
Buyurtmalarning asosiy qismi AQSH va Buyuk Britaniya investorlariga to‘g‘ri keldi (qariyb 80 foiz), Yevropa va boshqa mintaqalar ham faol ishtirok etdi. Yirik sarmoyadorlar qatorida “BlackRock”, “Franklin Templeton” va boshqa global investitsiya kompaniyalari ham ishtirok etib, dastlabki bosqichda katta majburiyatlar oldi.
Mahalliy bozor uchun ushbu IPO tarixiy ahamiyat kasb etadi. U Toshkent fond birjasi tarixidagi eng yirik IPO sifatida qayd etildi. Joylashtirishning 71 foizdan ortig‘i chakana investorlarga to‘g‘ri kelib, 5 mingdan ziyod ishtirokchi jalb qilindi. Brokerlik platformalari va JET ilovasi asosida minglab yangi hisoblar ochildi, shuningdek, xorijiy investorlar ham Toshkent bozorida ishtirok etishni tanladi.
O‘zbekiston, Germaniya, Shveysariya, Singapur, Indoneziya, Janubiy Afrika va boshqa davlatlar investorlari jarayonda qatnashdi. Chakana investorlarning faolligi ham yuqori bo‘lib, o‘rtacha buyurtma hajmi sezilarli darajada yuqori ko‘rsatkichlarni tashkil etdi.
Umuman olganda, IPO muvaffaqiyatli yakunlandi va u O‘zbekiston kapital bozori uchun yangi bosqichni boshlab berdi. Jamg‘arma endi asosiy e’tiborni mavjud qiziqishni saqlab qolish, xalqaro investorlarni bozorda faol ushlab turish hamda portfeldagi kompaniyalarni bosqichma-bosqich IPOga chiqarishga qaratmoqda.
Kelgusida mamlakat Prezidenti qarori bilan belgilangan kompaniyalarni ham bozorga olib chiqish rejalashtirilgan. Bu kapital bozori likvidligini oshirish, yangi investorlarni jalb qilish va O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlaridagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.