Marhamatlik pillakorlar mo‘l hosil yetishtirdi
Pillachilik mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmog‘i, pilla esa yengil sanoat uchun muhim xomashyo hisoblanadi. Shu bois ham, yurtimizda pillachilikni rivojlantirish, sifatli pilla yetishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu kunlarda Andijon viloyatning barcha tumanlarida ipak qurtini boqish, yetishtirilgan pilla hosilini yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Jumladan, Marhamat tumanida joriy yilda 5 ming 194 quti ipak qurti parvarishlanib, 312 tonna pilla yetishtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

– Prezidentimiz tomonidan ipakchilikni rivojlantirish, shu orqali, aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan, – deydi Marhamat tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Xafizaxon Mamarizayeva. – Tumanimizda ana shu yo‘nalishdagi ishlar samarali olib borilmoqda. Ayniqsa, pilla parvarishiga xotin-qizlarni jalb etish orqali ularning bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda mazkur sohada doimiy ish olib borayotganlar bilan birga, 2 ming 510 ming nafar kishi mavsumiy ishlarga jalb etilgan. Ularga amaldagi tartiblar asosida ish staji yuritilmoqda.

Darhaqiqat, tumanda belgilangan pilla rejasini bajarish uchun zarur ishlar olib borildi. Jumladan, “Marhamat ipak tola” klaster korxonasi bilan hamkorlikda mavjud 400 gektardan ziyod maydondagi tutzorlarni parvarishlash, mo‘l va sifatli ozuqa olish, urug‘chilik loboratoriyalari ishini samarali tashkil etish, hududlardagi “Lider agronom ayollar”ni, kasanachilarni o‘qitish, pilla yetishtiruvchilarga zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.
– Mavsum boshida tumanda faoliyat olib borayotgan 7 ta inkubatoriyada 5 ming 194 quti sifatli urug‘ jonlantirilib, 2 ming 500 nafardan ziyod kasanachi hamda 150 ta fermer xo‘jaligiga yetkazib berildi, – deydi tuman “Pilla” korxonasi rahbari Alimardon Ahmedov. – Har bir kasanachi, fermer xo‘jaligiga parvarishlayotgan ipak qurti uchun zarur ozuqa, ya’ni tut plantatsiyalari ajratib berildi. Ipak qurti boqilayotgan xonadonlar, xo‘jaliklarga parvarish jarayonida tuman “Pilla” korxonasi uchastka agronomlari yaqindan yordam ko‘rsatdi, zarur tavsiya va maslahatlar berib bordi. Natijada bugun barcha hududlarda mo‘l hosil yetishtirilib, hosilni yig‘ib olish ishlari boshlandi.

Tumanning aksariyat massivlari, xususan, Paxtakor, Mash’al, Bobur, M.Tojiboyev massivlarida mazkur yo‘nalishdagi ishlar namunali tarzda olib borilmoqda. Masalan, M.Tojiboyev massivi Bobohuroson mahallasida 18 ta oila ipak qurti parvarishi bilan mashg‘ul. Umuman, ushbu xonadonlar ko‘p yillardan buyon pilla yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi.
Mahallaning “Tosh yo‘li” ko‘chasida istiqomat qiluvchi Erkinjon va Xoloyim Ma’mirova oilasi esa ipak qurti boqishning hadisini olgan fidoyi insonlar. Har ikkisining ham jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, farzandlari bilan birgalikda ko‘p yillardan buyon kasanachilik asosida ipak qurti parvarishlab keladi.

Oila bekasi Xoloyim opa bu kasbni nafaqat tirikchilik manbai, balki avlodlardan o‘tib kelayotgan an’ana sifatida ham qadrlaydi. Chunki bu ishning sirlarini dastlab buvisi, keyin onasi, undan keyin esa qaynonasidan o‘rgangan. O‘z navbatida u qizlari, kelinlariga o‘rgatdi, o‘rgatib keladi.
– Esimni taniganimdan buyon shu ish bilan shug‘ullanaman, – deydi Xoloyim Ma’mirova. – Ipak qurti boqishga onam juda usta edi. Undan ko‘p narsa o‘rganganman. Umuman, ko‘p yillar davomida pilla yetishtirib, kam bo‘lmadik. Butun oilamiz bilan bir oy shu ish bilan astoydil shug‘ullanamiz. Daromadi ham yomon emas, eng muhimi halol va barakali.
Tumanning Mash’al massivida ish olib borayotgan kasanachi Ravshanbek Nishonov tumandagi eng ilg‘or pillakorlardan biri hisoblanadi.
– Xonadonimizdan tashqari, bu yil dalada, ya’ni tut plantatsiyasi yaqinida ham alohida qurtxona tashkil etdik, – deydi Ravshanbek Nishonov. – Umuman, bu yili 26 quti ipak qurti parvarishlayapmiz. Hosilimizning cho‘g‘i katta, bir ikki kun ichida pilla terishni boshlaymiz, nasib etsa rejani, albatta, ortig‘i bilan bajaramiz.
Avvallari pillakorlar topshirgan pillasi uchun yillar davomida pulini ololmasdan sarson bo‘lar edi. Endilikda bunday muammo to‘la bartaraf etilgan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, “Marhamat ipak tola” klaster korxonasi tomonidan topshirilgan pilla uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘z ishining haqiqiy ustasiga aylangan marhamatlik pillakorlar har yildagidan-da mo‘l hosil olish uchun mehnat qilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.