Maktab maslahatchilari Buxoroda jam bo‘ldi
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida maktab maslahatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda o‘quvchilar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan Maktab maslahatchilarining Respublika I forumi o‘tkazildi.
Unda 230 nafar ishtirokchi — 208 nafar namunali maktab maslahatchisi, 14 nafar hududiy mas’ul hamda tegishli vazirlik va idoralarning 8 nafar mas’ul xodimi ishtirok etdi.
Forumning asosiy maqsadi maktab maslahatchilarini kasbiy faoliyatga moslashtirish, ularning shaxsiy va kasbiy rivojlanishi uchun zarur kompetensiyalarni shakllantirish, ish jarayonlarini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda aniq maqsad va rejalar asosida o‘quvchilar bilan samarali ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
[gallery-30812]
Tadbirning dastlabki kunida ishtirokchilarni kutib olish va joylashtirish, forumning maqsad va vazifalari hamda kutilayotgan natijalar bilan tanishtirish, o‘zaro muloqotlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar uchun Respublika «Kelajak» markazi direktori Indira Xoldorova ishtirokida ochiq muloqot va mahorat darsi o‘tkazildi. Shuningdek, qo‘shimcha ta’lim, maktab kutubxonasi, musiqa va jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining qo‘shimcha ta’limdagi faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Forum doirasida amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etilib, ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda zamonaviy va amaliy yo‘nalishlardagi treninglarda qatnashdi.
Jumladan, «Prezident iqtidorli farzandlari» dasturi va o‘quvchining ijtimoiy portfeli, «Mening kelajakdagi kasbim» dasturi hamda o‘quvchilarni kelajak kasbiga yo‘naltirishning zamonaviy yondashuvlari, o‘quvchilar qiziqishini rivojlantirish va maktabdagi to‘garaklarni imkoniyatlar platformasiga aylantirish, qo‘shimcha ta’lim tizimini rivojlantirishda maktab maslahatchisining o‘rni kabi mavzularda amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, ularning qiziqish va qobiliyatlarini aniqlash, ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, to‘garaklar faoliyatini samarali tashkil etish hamda maktab maslahatchisining kundalik ishini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA