Maqsadim – O‘zbekistonni dunyoga tanitish
Farg‘ona viloyati “Quva anori” agrofirmasi rahbari Masturaxon Sayfutdinova BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan “Agrooziq-ovqat tizimlari va qishloqlarni rivojlantirishdagi 100 nafar qahramon ayol” safidan o‘rin oldi. Bu O‘zbekiston ayollarining qishloq xo‘jaligi sohasi va qishloq jamoalarini rivojlantirishdagi muhim rolini ko‘rsatuvchi ajoyib yutuqdir. Hozir “Farg‘ona anorchiligi” agrofirmasi MCHJda 300 gektar anor plantatsiyalari yaratildi. Fermerlar qaramog‘iga berilgan avvalgi anorzorlar esa 1000 gektardan oshiq edi. Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida Prezident topshiriqlari asosida Mastura Sayfutdinova 5000 gektar yangi anor plantatsiyalarini tashkil etdi.
Erishilgan muvaffaqiyatlar haqida Masturaxonning o‘zi shunday hikoya qiladi:
– Yurtboshimiz juda ham bir go‘zal fikr aytgandilar: inson yerga mehr berib, aql bilan ekib parvarishlasa, albatta, natijasini ko‘radi. Bir narsani mamnuniyat bilan ayta olamanki, Prezidentimiz anorchilik maktabiga asos soldilar. Farg‘ona davlat universitetida anorchilik yo‘nalishini ochib berdilar. Surxondaryoda minglab gektarda anorchilik plantatsiyalari yaratilishida tashabbuskor bo‘ldilar. Agrar universitetda ham anorchalik yo‘nalishi tashkil etildi. Bugun o‘sha aytilgan mevalarni ko‘ryapmiz. 10 ga yaqin yoshlarimiz anorchilik bo‘yicha ilmiy ishlarni yoqlab, ilmiy unvonlarni olish baxtiga muyassar bo‘ldilar.
Mana, qarang-a, qilingan mehnat natijasini men o‘zimning misolimda ko‘rdim. Kuni kecha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti xavfsizligi forumi tomonidan 131 davlatning 600 dan ziyod qatnashuvchilari ichidan saralab olingan 100 nafar yetakchi ayollar nomi e’lon qilindi. Ular orasida men ham borman. Inson qadri, qimmati, mehnati ulug‘lanayotgan yurtda yashayotganligimdan faxrlanaman. Chunki men O‘zbekistonning chekka qishlog‘idagi oilaning farzandi edim. Allohga shukrlar bo‘lsinki, men hayotda shunday yaxshi rahbarlar, insonlar, ustozlar bilan, shunday ajoyib Yurtboshimiz bilan birgalikda ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim. Mening kichkinagina mehnatim shunday yuksak e’tirof etilibdiki, bu nafaqat menga berilgan unvon, balki O‘zbekistonimizda yashab turgan barcha ayollarimizga berilgan mukofot, e’tibor va e’tirof deb bilaman.
Bu hurmatli Prezidentimizning bizga, xotin-qizlarga yaratayotgan imkoniyati, e’tibori natijasi. Shunday ekan, biz ayollar o‘zimizning oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarimizni bajarishda albatta kamarbasta bo‘lib, dunyoga O‘zbekistonimizni tanitish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishga tayyormiz.
<iframe width="1493" height="840" src="https://www.youtube.com/embed/HbMJ57asskQ" title="Maqsadim O‘zbekistonni dunyoga tanitish" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov( video),
Ravshanbek O‘rinboyev, O‘zA