Mahalla tinchligi va yoshlar tarbiyasi — ustuvor vazifa
Guliston tumanida Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Sodiqjon Turdiyev, tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev hamda viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi raisi O‘tbosor Abdiyevlar ishtirokida mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, yoshlar tarbiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman tashkilotlari rahbarlari, mahalla faollari, profilaktika inspektorlari, yoshlar yetakchilari, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Uchrashuvda bugungi kunda mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish dolzarb vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida jinoyatchilikka sabab bo‘layotgan omillar atroflicha tahlil qilinib, ayniqsa yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalla, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
So‘zga chiqqanlar yurt tinchligi va jamiyat barqarorligini ta’minlashda nuroniylarning hayotiy tajribasi, ma’naviy tarbiyadagi o‘rni va yoshlarga ko‘rsatayotgan ibrati muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar. Nuroniylar ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, profilaktik suhbatlar va tarbiyaviy tadbirlar yoshlarni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda samarali vosita bo‘layotgani aytildi.

– Bugun Guliston tumanida mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda, ayniqsa, Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Sodiqjon Turdiyev tomonidan bildirilgan fikrlar barchamiz uchun muhim dasturulamal bo‘ldi, – deydi Do‘stlik mahallasi faoli, nuroniy Obidjon Abdullayev. – Ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish borasida bildirilgan mulohazalar har bir mahalla faoli zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Uning ta’kidlashicha, bugun tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash faqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning emas, balki butun jamoatchilikning umumiy vazifasiga aylanmoqda. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar yetakchilari hamjihatlikda ish olib borishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, yig‘ilishda fuqarolarni hushyorlikka chaqirish, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan turli yot g‘oyalar hamda salbiy ta’sirlardan yoshlarni muhofaza qilish, mahallalarda ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash yuzasidan amaliy vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida tegishli tashkilotlarga zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri