Eng munosiblar xizmati e’tirof etildi
Sirdaryo viloyatida yosh avlodni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va maktab sportini rivojlantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh pedagog va mutaxassislar munosib taqdirlanishdi.
Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi binosida umumta’lim maktablarida “Eng yaxshi maktab sport klubi” faoliyatini samarali tashkil etib kelayotgan xodimlarni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator ustoz va mutaxassislarga Sport vazirligining “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.

Xususan, Guliston shahridagi 6-sonli umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Sanjar Musayev, Guliston shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Zafar Mirzaliyev, Oqoltin tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Jamshid Zikrillayev hamda Oqoltin tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi direktori Shohira Yo‘ldoshevalar ana shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lishdi.
Tadbirda ishtirok etgan Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov hamda Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Davron Isoqov keyingi yillarda ta’lim va sport sohalari o‘rtasidagi hamkorlik natijasida maktablarda sport infratuzilmasini yaxshilash, o‘quvchilar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni kashf etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladilar.

– Bugun sport va ta’lim sohasidagi mehnatimizga berilayotgan bunday yuksak e’tirof biz uchun katta faxr va mas’uliyatdir, – deydi Guliston shahridagi 6-sonli umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Sanjar Musayev. – Ayniqsa, “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganim menga yanada katta kuch va ishonch bag‘ishladi. Bugungi kunda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish har bir pedagogning muhim vazifasi hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, maktabda o‘quvchilarning sportga qiziqishini oshirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish va ularni musobaqalarga tayyorlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Eng muhimi, sport yoshlarni intizomli, irodali va vatanparvar bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.

Qayd etilganidek, bugungi kunda umumta’lim maktablarida sport to‘garaklari faoliyatini kengaytirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularni sog‘lom hayot tarziga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa nafaqat sport natijalari, balki yoshlarning jismoniy va ma’naviy kamolotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tadbir davomida taqdirlangan pedagog va mutaxassislarning mehnati kelajak avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol etib tarbiyalash yo‘lidagi munosib xizmat sifatida e’tirof etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri