Lozanna turnirining ikkinchi kunida 4 nafar dzyudochimiz sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi
Bugun, 29-avgust kuni Shveysariyaning Lozanna shahrida dzyudo bo‘yicha davom etayotgan "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi “Lausanne Grand Slam 2026” xalqaro musobaqasida erkaklar -73 va-81 kilogrammda, dzyudochi qizlar -63 hamda -70 kilo og‘irlikda bellashadi.
77 davlatning 513 nafar mahoratli dzyudochi yigit-qizlari ishtirok etayotgan xalqaro turnirning ortda qolgan ilk kungi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasining 8 nafar a’zosi sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilgan bo‘lsa, hamyurtlarimizdan Samariddin Qo‘chqorov (-60) va So‘g‘diyona Rafkatova (-52 o‘tish bahslarida raqiblarini mag‘lub etib, final dasturida bronza medali uchun kurashish imkoniyatiga ega chiqdi.
Chorak finalda Samariddin Qo‘chqorov ukrainalik Dilshot Xalmatovni, So‘g‘diyona Ravkatova rossiyalik Liliya Nugayevani taslim eta oldi.

Bronza medali uchun kechgan bahsda Samariddin Qo‘chqorov qozog‘istonlik Sherzod Davlatovni yengib, terma jamoamizga nufuzli turnirning bronza medalini taqdim etish asnosida yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘lidagi muhim reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi.
So‘g‘diyona Rafkatova esa murakkab va kuchli ruhiy bosim ostidagi bellashuvda braziliyalik Rafaela Rodrigesga yo‘l bergan holda 5-o‘rin bilan kifoyalandi.
Bugun kun davomidagi bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolaridan Arslonbek Tojiyev -81 kilo og‘irlikda, dzyudochi qizlarimizdan Marjona Nurulloyeva -63 kilogramm vazn toifasida, Xurshida Razzoqberdiyeva va Shirinjon Yuldasheva -70 kilogrammda vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Arslonbek Tojiyev saralash musobaqasining ilk bahsida germaniyalik Maksim Malshch qarshiligini yengishga harakat qilsa, Marjona Nurulloyeva chexiyalik Renata Zachova, Xurshida Razzoqberdiyeva rossiyalik Tamara Lishchenko, Shirinjon Yuldasheva polshalik Katarzina Sobiyerayska bilan ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi “Lausanne Grand Slam 2026” xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoada 1 ta bronza medali bilan 77 davlat orasida 9-o‘rinni egallab turibdi
T.Ro‘ziyev,
O‘zA