Abduqodir Husanov maydonga tushgan bahsda «Manchester Siti» yirik hisobda g‘alaba qozondi
Angliya Premer-ligasining ikkinchi turida «Manchester Siti» safarda «Kristal Pelas» mehmoni bo‘lib, 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa manchesterliklar chempionatdagi ikkinchi uchrashuvida ham zafar quchdi.
Uchrashuvda hisob 17-daqiqada Erling Holand tomonidan ochildi. Ikkinchi bo‘limda «Manchester Siti» ustunlikni yanada oshirdi. Rayan Sherki 54 va 59-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol etib, dublga erishdi. 56-daqiqada «Kristal Pelas» futbolchisining standart vaziyatdan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘siniga tegib qaytdi. Qaytgan to‘p darvozabon Janluiji Donnarummaga tegib, darvozaga kirdi. Ushbu epizod avtogol sifatida qayd etildi.
Uchrashuvga nuqtani 84-daqiqada Erling Holand qo‘ydi. «Manchester Siti» hujumchisi yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, jamoasining 4:1 hisobidagi yirik g‘alabasini ta’minladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov uchrashuvni «Manchester Siti»ning asosiy tarkibida, o‘ng qanot himoyachisi sifatida boshladi. U 89-daqiqada maydonni tark etdi. Statistik platformalar ham o‘zbekistonlik futbolchining harakatlarini yuqori baholadi. Jumladan, Flashscore Husanovning o‘yinini 7,0 ballga, Sofascore esa 7,1 ballga baholadi.
Manchesterliklar Premer-liganing navbatdagi uchrashuvini 5-sentabr kuni o‘z maydonida «Koventri Siti»ga qarshi o‘tkazadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA