Lazizbek yangi marralarni zabt etishda davom etmoqda
Sirdaryolik yosh shaxmatchi, Guliston shahridagi Ideal Study xususiy maktabi o‘quvchisi Lazizbek Shavkatov Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tkazilgan “Kids Expo-Chess Cup 2026” xalqaro musobaqasida ikki medalni qo‘lga kiritdi.
19–20-avgust kunlari ilk bor tashkil etilgan mazkur musobaqada 15 dan ortiq davlatdan kelgan yosh shaxmatchilar ishtirok etishdi. Unda O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Eron va boshqa mamlakatlarning vakillari rapid hamda blits yo‘nalishlarida kuch sinashdi. Bellashuvlar U8, U10 va U12 yosh toifalarida o‘tkazildi.
O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etgan Lazizbek Shavkatov rapid bahslarida bronza, blits yo‘nalishida esa kumush medal bilan taqdirlandi. Shu tariqa sirdaryolik shaxmatchi bir musobaqaning o‘zida ikki yo‘nalishda sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Ashxoboddagi natija Lazizbekning so‘nggi yillardagi izchil yutuqlarining davomi bo‘ldi. U 2023-yilda Toshkentda o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida o‘z yosh toifasida oltin medalga sazovor bo‘lgan.
2024-yilda esa “Sohibqiron kubogi” xalqaro turnirida munosib ishtirok etdi. 13 davlatdan 200 nafardan ziyod shaxmatchi qatnashgan musobaqaning “B” guruhida Lazizbek 9 tur natijasiga ko‘ra 7,5 ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinni egalladi.
Yosh shaxmatchi 2025-yilda ham xalqaro maydonda tajribasini oshirdi. Toshkentda o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida rapid, blits va standart yo‘nalishlarida O‘zbekiston sharafini himoya qildi.
2026-yil Lazizbek uchun yanada sermahsul keldi. Fevral oyida Rossiyaning Novokuznetsk shahrida o‘tkazilgan “Intellekt akademiyasi kubogi” xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, jamoaviy g‘oliblikka hissa qo‘shdi. Shaxsiy bahslarda esa 7 ochko to‘plab, kuchli o‘nlikdan joy oldi.
Aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Lazizbek U12 yosh toifasida 9 partiyadan 7,5 ochko jamg‘arib, mamlakat chempioni bo‘ldi. Bu natija uning respublika miqyosidagi yetakchi yosh shaxmatchilardan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi.
— Lazizbek har bir musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘radi. Partiyalarni tahlil qilish, xatolar ustida ishlash va kuchli raqiblar bilan bellashish uning shaxmatdagi o‘sishiga xizmat qilmoqda. Ashxoboddagi ikki medal ham ana shu mehnatning natijasi, — deydi uning murabbiyi.

Lazizbek Shavkatovning 2026-yilda O‘zbekiston chempioni bo‘lishi, xalqaro musobaqada jamoaviy g‘oliblikka hissa qo‘shishi va Ashxobodda ikki medalni qo‘lga kiritishi uning shaxmatdagi natijalari izchil o‘sib borayotganidan dalolat beradi.
Yosh shaxmatchi endi xalqaro maydondagi tajribasini yanada boyitib, yuqori darajadagi musobaqalarda yangi marralarni zabt etishni maqsad qilgan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri