Bojxona — tadbirkorga ko‘makchi
Bugun mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularning tashqi bozorlarga chiqishini rag‘batlantirish iqtisodiy siyosatning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tadbirkorga ishonch bildirish, uning qonuniy faoliyatiga to‘siq bo‘ladigan byurokratik g‘ovlarni bartaraf etish, ishlab chiqarishni kengaytirish va eksportbop mahsulotlar turini ko‘paytirishga qaratilgan tashabbuslar bugun joylarda amaliy natijalarga aylanmoqda.
Ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ularning muammolarini joyida o‘rganish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati va tarkibiy tuzilmalari tomonidan Shofirkon tumanida faoliyat yuritayotgan “SHAMSHIRGARON EFFEKT” MCHJ korxonasining ishlab chiqarish faoliyati o‘rganildi.
Kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxona bugungi kunda to‘qimachilik sanoatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishga intilayotgan zamonaviy ishlab chiqarish sub’ektlaridan biri hisoblanadi.
Korxona tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 2 million AQSH dollari, umumiy og‘irligi esa 370 tonna bo‘lgan to‘qimachilik va kiyim-kechak sanoati uchun zarur uskunalar, butlovchi qismlar, kimyoviy vositalar, bo‘yoqlar hamda boshqa tovarlar import qilingan.

E’tiborlisi, import qilinayotgan mahsulotlar shunchaki xomashyo sifatida qolib ketmayapti. Ular korxonada zamonaviy ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilinib, tayyor kiyim-kechak mahsulotlariga aylantirilmoqda. Tayyor mahsulotlar esa, avvalo, ichki bozor ehtiyojini ta’minlashga yo‘naltirilmoqda.
Bu esa import hajmining o‘zi emas, balki undan qanday samarali foydalanilayotgani, qo‘shilgan qiymat yaratilayotgani va mahalliy ishlab chiqarish salohiyati oshirilayotgani bilan ahamiyatlidir.
O‘rganish jarayonida korxonaning mavjud ishlab chiqarish quvvatlari, import qilinayotgan tovarlardan foydalanish samaradorligi, tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda kelgusida eksport hajmini oshirish rejalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida tadbirkorlik sub’ekti vakillariga bojxona qonunchiligida nazarda tutilgan imkoniyatlar atroflicha tushuntirildi.
Xususan, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan samarali foydalanish, vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish, tayyor mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish va eksport jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni oldindan bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Bunday yondashuvning ahamiyati shundaki, tadbirkorga faqat talab va majburiyatlar tushuntirilibgina qolmay, balki uning faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qonunchilikda mavjud imkoniyatlar ham ko‘rsatiladi.
Ya’ni, bojxona organlari va tadbirkor o‘rtasidagi munosabat endi faqat nazorat bilan cheklanmay, qonuniy faoliyatni rag‘batlantirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va yangi imkoniyatlarni birgalikda izlash tamoyili asosida rivojlanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri