Uzumzorda kuzgi yumushlar
Kuz — dehqon va bog‘bonlar mehnati samarasi namoyon bo‘ladigan muhim palla. Ayni shu faslda dalalaru bog‘larda yil davomida qilingan mashaqqatli mehnatning mevasi yig‘ib-terib olinadi. Bu jarayonda hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ish, saralash va iste’molchilarga yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi “Choyko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 5 gektarlik uzumzorda ham ayni kunlarda yig‘im-terim ishlari qizg‘in davom etmoqda. Pishib yetilgan uzumlar terib olinib, ichki bozorga yetkazib berish va eksportga tayyorlash ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
Mazkur uzumzor “Umida Boltaboyeva” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufida bo‘lib, 2023-yilda tashkil etilgan. Tokzorda asosan Samarqand viloyatidan keltirilgan “Toyifi” navli uzum ko‘chatlari parvarish qilinadi.
[gallery-31808]
— Tokzorda hosildorlik yuqori, - deydi xo‘jalik ish yurituvchisi Qudrat Yusupov. — Ayni paytda 1 gektar maydonda “Kelin barmoq”, “F1”, “Husayni” kabi uzum navlarining yangi ko‘chatlari ham parvarishlanmoqda. Kelgusida ushbu navlarni ham serhosil tokzorlarga aylantirishni rejalashtirganmiz.
Mavsumiy yig‘im-terim ishlariga 20 nafarga yaqin fuqaro jalb etilgan. Har kuni o‘rtacha 3–4 tonna uzum hosili yig‘ib olinmoqda. Mahsulotning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilayotgani xo‘jalikda uzumchilikning iqtisodiy samaradorligi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Xo‘jalik jamoasi joriy yil yakuniga qadar tokzordan 60–70 tonna atrofida hosil olishni maqsad qilgan. Belgilangan ko‘rsatkichga erishish maqsadida yig‘im-terim ishlari jadal davom ettirilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA