Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari jadal olib borilmoqda
Navoiy viloyati Karmana tumanida 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari izchil va tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish maqsadida gaz xo‘jaligida keng ko‘lamli ta’mirlash va yangilash ishlari olib borilmoqda.
“Karmanatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan reja asosida tumanning bir qator mahallalarida gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish, eski quvurlarni ta’mirlash hamda aholi xonadonlaridagi gaz tizimlarini takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, bugungi kunda Nurafshon mahallasini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi yuqori bosimli gaz quvuriga maxsus filtr – gaz tozalash moslamasini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur hududda 1 500 ga yaqin iste’molchi istiqomat qiladi. Shu bilan birga, mahalladagi aholi xonadonlari gaz ta’minoti tizimi uch bosqichlidan ikki bosqichliga o‘tkazilib, elektron gaz hisoblagichlarga zamonaviy regulyatorlar o‘rnatilmoqda.

Ayni paytda tumanning boshqa mahallalarida ham mavsumga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Xususan, Sardoba, Narpay va Kumushkon mahallalarida gaz quvurlarini joriy va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilyapti.
– Sardoba mahallasida 3,5 kilometr gaz quvurlari qayta bo‘yaldi. Shuningdek, 500 metr qo‘shqator gaz quvurlari demontaj qilinib, yagona tarmoqqa ulandi. Mahalladagi 507 ta aholi xonadoni gaz ta’minoti tizimi ham ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi. Narpay mahallasida esa “Obod qishloq” dasturi doirasida montaj va demontaj ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi “Karmanatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimi Samad Rasulov.
Bugungi kunda olib borilayotgan bu kabi amaliy ishlar aholining qish faslida tabiiy gazdan samarali va xavfsiz foydalanishini ta’minlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, mavsum davomida xonadonlarga tabiiy gazni bir maromda yetkazib berish uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri