Kursantlar qutqaruvchi-g‘avvoslar faoliyati bilan tanishdi
Ma’lumki, qutqaruvchi-g‘avvoslar suv havzalarida insonlar hayotini saqlab qolish, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish va suv ostida qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borishga ixtisoslashgan yuqori malakali soha vakillaridir. Bu kasb egalari jismoniy chidamlilik, kuchli ruhiyat va maxsus texnik ko‘nikmalarni talab qiluvchi xavfli sharoitlarda ishlaydilar.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida kursantlar, magistratura tinglovchilari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida “Suv ostida qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil etish va o‘tkazishda g‘avvos-qutqaruvchining taktikasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi “Chirchiq” maxsus qutqaruv otryadi komandiri, mayor Umidjon To‘laganov hamda g‘avvos-qutqaruvchi Boburjon Malayev ishtirok etib, o‘zlarining kasbiy faoliyati va amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirda suv ostida qidiruv-qutqaruv ishlarini samarali tashkil etish, qutqaruvchi-g‘avvoslarning kasbiy-taktik tayyorgarligini takomillashtirish hamda amaliy tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish muhimligi xususida muhokamalar olib borildi.
Shuningdek, muloqot davomida suv ostida qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil etish, xavfsizlik talablariga rioya qilish, vaziyatni tezkor baholash va samarali taktik qarorlar qabul qilish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, “Chirchiq” maxsus qutqaruv otryadi mutaxassislarining amaliy faoliyati misolida qidiruv-qutqaruv jarayonida qo‘llanilgan taktik yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.

Samimiy muloqot davomida kursant va magistratura tinglovchilari mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, batafsil javoblar oldilar. mutaxassislarga minnatdorchilik bildirildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA