Kurash: Jizzaxda iqtidorli sportchilar saralandi
Milliy sportimiz kurash bo‘yicha Jizzax shahrida U-13 yosh toifasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqasi bir qator iqtidorli sportchilarni kashf etib berdi.
Murosasiz va qizg‘in bahslarga boy tarzda o‘tgan mamlakat kubogi bellashuvlarida yurtimizning turli hududlaridan kelgan iqtidorli yosh kurashchilar o‘z vazn toifalarida g‘oliblikka da’vogarlik qildi.
Musobaqada 590 nafar yosh sportchi, jumladan, 365 nafar o‘g‘il va 225 nafar kurashchi qizlar kuch sinashdi.

Musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, umum jamoada Jizzax viloyati terma jamoasi 1-o‘rinni, Toshkent shahri vakillari 2-o‘rinni, Toshkent va Surxondaryo jamoalari keyingi pog‘onalarni band etdi.
– Har bir bellashuvda g‘alaba uchun keskin kurash kechib, yosh sportchilar o‘zlarining salohiyati va kelajakda yuqori natijalarga erishish imkoniyatlarini ko‘rsatdi. Musobaqalarni turli yosh toifalari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalarining seleksioner murabbiylari kuzatib borishdi. Maqsad, terma jamoalarga munosib nomzodlarni saralash, mamlakatimizdagi mahorat maktablariga iqtidorlarni tanlashdan iborat bo‘ldi,– deydi O‘zbekiston kurash federatsiyasi bosh kotibi Alisher Eshonqulov.

O‘zbekiston kubogida g‘olib va sovrindorlikka erishgan sportchilar, jamoalarga medal, diplom, esdalik sovg‘alari hamda musobaqa kubogi tantanali ravishda topshirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA