"Kuniga kamida 20 bet kitob o‘qiymiz"
Yangi tashabbus
"Yoshlar kuni" munosabati bilan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining kutubxonasida turli sohalarda faol bo‘lgan yigit-qizlar hamda yosh kitobxonlar bilan uchrashdi, deb xabar beradi viloyat hokimligi Axborot xizmati o‘zining telegramm kanalida.


Viloyat hokimi mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, kitob inson uchun eng yaxshi do‘st, katta boylik ekanini ta’kidladi. Kitobxonlik orqali yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarning faoliyatini alohida e’tirof etib, ular tengdoshlariga namuna bo‘lishi, kitob mutolaasining faol targ‘ibotchilariga aylanishi zarurligini bildirdi. Ayniqsa, “tengdosh — tengdoshga namuna” tamoyili yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.


Tadbirda farg‘onalik yoshlarning turli sohalarda erishayotgan yutuqlari mamnuniyat bilan tilga olindi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari va startap loyihalariga qiziquvchi yoshlar soni ortib borayotgani quvonarli edi.
Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur majmuada har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish rejalashtirilgani ham ma’lum qilindi.


Uchrashuv davomida farg‘onalik yoshlar va aholi o‘rtasida kuniga 20 bet kitob o‘qish, kitobxonlikni yanada ommalashtirish tashabbuslari ilgari surildi.

Shu bilan birga, “Eng yaxshi kitobxon ota” va “Eng yaxshi kitobxon ona” tanlovlarini tashkil etish tashabbusi ma’qullandi.
Viloyat hokimi yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va g‘oyalarni yuqori baholab, ularning barcha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi, mas’ullar biriktirilishi hamda zarur amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA