Kredit qarzi vaqtida qaytarilmagach, garovdagi xonadon xatlandi
Bankdan olingan kredit o‘z vaqtida qaytarilmasa, qarzdor nafaqat moliyaviy majburiyatni bajarishi, balki kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan mol-mulkdan ham ayrilishi mumkin.
Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi Alohida muhim ijro ishlarni ijro etish sho‘’basida yuritilayotgan navbatdagi ijro ishi ham bunga misol bo‘la oladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2025-yil 23-oktabrdagi ijro varaqasiga asosan, Sh.A. va R.X.dan bankning Zangiota filiali foydasiga 439 million 153 ming so‘m undirish belgilangan.
Mazkur kredit majburiyatining ta’minoti sifatida qarzdorlarga tegishli Toshkent shahri Sergeli tumani, 8-mavzeda joylashgan ko‘p kvartirali uydagi xonadon garovga qo‘yilgan. Sud hujjatida qarzdorlikni aynan ushbu garov mulki hisobidan undirish nazarda tutilgan.

Ijro hujjati sho‘’ba ish yurituviga kelib tushgach, qonunchilikda belgilangan tartibda ijro ishi qo‘zg‘atilib, qarzdorlarga majburiyatni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun muddat berilgan.
Biroq belgilangan muddat ichida qarzdorlik qoplanmagan. Shu sababli undiruvchining qonuniy talablarini ta’minlash maqsadida garovdagi xonadonga nisbatan majburiy ijro choralari qo‘llanilib, ko‘chmas mulk xatlangan.
Ayni paytda xonadonni “E-AUKSION” elektron savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Savdo natijasida tushgan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda undiruvchi — bankning Zangiota filialiga yo‘naltirilib, 439 million 153 ming so‘mlik qarzdorlikni qoplashga sarflanadi.
Mazkur holat kredit majburiyatini o‘z vaqtida bajarish muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Chunki qarzning muddatida qaytarilmasligi nafaqat moliyaviy majburiyatlarning ortishiga, balki garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkka nisbatan ham majburiy ijro choralari qo‘llanilishiga olib kelishi mumkin.
Hamroz Bayonov,
O‘zA