Kosmik sohada navbatdagi muhim qadam
Mamlakatimizda kosmik sanoat sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda boshqa strategik yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari mustahkamlanmoqda.
Bu esa qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, atrof-muhit monitoringi, shaharsozlik va boshqa muhim tarmoqlarda amaliy vazifalarni hal etishda muhim sanaladi.

“O‘zbekkosmos” agentligida “Star.Vision, Oman Lens, Mars Development and Investments” hamda “UzOman”kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda kosmik texnologiyalar hamda sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“O‘zbekkosmos” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur uchrashuv xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, innovatsion kosmik tashabbuslarni ilgari surishda ahamiyatlidir. Darhaqiqat, mamlakat barqaror rivojlanishi va texnologik taraqqiyotiga xizmat qiluvchi bu kabi istiqbolli loyihalarning amalga oshishi sohada navbatdagi muhim qadam sifatida qayd etilmoqda.
A.RUSTAMOV, O‘zA