Korrupsiyaga qarshi tekshiruv: 154 jinoiy, 14 ma’muriy, 323 intizomiy jazolar qo‘llanildi
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish maqsadida komplayens sohasidagi mutaxassislar uchun kasbiy standartlar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etilmoqda.
Ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish, ularning vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish masalalarini kelishish tartibini belgilovchi yangi tahrirdagi namunaviy nizom tasdiqlandi.
Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va ularning raqobat muhitiga ta’sirini baholashga qaratilgan yo‘riqnomada komplayens-nazorat tuzilmalari ishtirokini nazarda tutuvchi tartib-qoidalar belgilandi.
Prezident farmoni bilan davlat xizmatchisi va tadbirkorlik sub’ekti o‘rtasida amalga oshirilgan muloqotning asosli yoki asossiz ekaniga baho berish vakolati ham korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari zimmasiga yuklatildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, ichki nazorat tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan 11 ming 953 o‘rganish, monitoring va nazorat tadbirlarida 969,5 milliard so‘m moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlandi. Ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi hamda 150,1 milliard so‘m mablag‘ maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.
Huquqni muhofaza qilish organlari va nazorat organlaridan kelgan xatlar asosida 871, ichki nazorat tuzilmalari tashabbusi bilan 843 xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.
Natijada xodimlarga nisbatan 154 jinoyat, 14 ma’muriy, 323 intizomiy jazolar qo‘llanildi. 67 holatda mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Ichki nazorat tuzilmalarining o‘z tashabbusi bilan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari natijasida esa xodimlarga nisbatan 31 jinoiy, 9 ma’muriy, 311 intizomiy jazolar qo‘llanilgan, 1 ming 201 holatda mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Huquqiy eksperiment tartibida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan Sog‘liqni saqlash, Suv xo‘jaligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirliklari, «O‘zsuvta’minot» va «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatlari tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalari tomonidan joriy yilda 298 xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.
Natijada 113 nafar xodimga nisbatan intizomiy, 5 nafar xodimga nisbatan ma’muriy hamda 18 holat bo‘yicha jinoiy va boshqa huquqiy ta’sir choralari qo‘llanildi. Shuningdek, 398,3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘dan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA