Korrupsiyaga qarshi kurashish – ustuvor vazifa
Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasida tizim xodimlari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda ehtimoliy huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratildi.
Tadbirda soliq tizimini “korrupsiyadan xoli soha”ga aylantirish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan har bir davlat xizmatchisi o‘z faoliyatida halollik va oshkoralik tamoyillariga qat’iy amal qilishi zarurligi qayd etildi.
– Korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat nazorat organlarining, balki har bir xodimning vijdon ishidir. Asosiy maqsad soliq tizimida shaffoflikni ta’minlash, – deydi boshqarmaning mas’ul xodimi Jamshid Tolibov.
Tadbirda so‘nggi yillarda soliq ma’murchiligini takomillashtirish, raqamlashtirishni kengaytirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali byudjet tushumlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Soliq tizimini “tekshiruvdan - servisga” o‘tkazish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, bugun soliq organlari faoliyati tadbirkorlarga ko‘maklashish, ularni qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor qilish va faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga qaratilgan.
[gallery-29198]
Shuningdek, hududiy boshqarmalarda tashkil etilgan soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limlari orqali tadbirkorlik sub’ektlariga masofaviy tarzda maslahat va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Tadbirda xodimlarga sohada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni chuqur o‘rganish va ularni amaliyotga samarali joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu kabi targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari