Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda
Ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik va jazo choralarini kuchaytirishga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy kengashlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxatini belgilash, davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaviy omillarni kamaytirish shular jumlasidan.
Bu “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilmoqda.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida mazkur qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama va ularning aniq ro‘yxati belgilab qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, pora olish, pora berish va bu jarayonda vositachilik qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish institutining qo‘llanilishi taqiqlanmoqda.
Voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda pedagogning yoki psixologning ishtirok etishiga doir talablar, maxsus huquqdan mahrum qilish muddatini qisqartirish haqida iltimosnoma kiritishning yangi tartibi nazarda tutilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi. Qonun bilan xalq deputatlari kengashlarining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilganidan boshqa vakolatlari Konstitutsiya va qonunlar bilan belgilanishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashining raislari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarga raislik qilishi mustahkamlanmoqda.
Ayrim qonun hujjatlariga Ombudsmanning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni takomillashtirish, Bolalar ombudsmanining parlament bilan bog‘liq faoliyatini tartibga solish, uning voyaga yetmaganlar jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish, sud hamda jinoiy jazolarni ijro etish jarayonlaridagi rolini oshirishga doir qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Muhokama yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA