Koreya bilan hamkorlikda qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etiladi
Shu kunlarda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, akademik, professor Akmal Nur Koreya Respublikasining Kemyong universiteti taklifiga binoan ushbu davlatda bo‘lib turibdi.
Ma’lumki, Ўзбекистон va Koreya o‘rtasidagi madaniy aloqalar zamonaviy badiiy san’at, dizayn va muzeyshunoslik sohalarida ham yangicha mazmun bilan boyib bormoqda. So‘nggi yillarda, xususan, ikki davlatning madaniyat va san’at tashkilotlari o‘rtasida imzolangan yangi strategik kelishuvlar badiiy hamkorlikni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi.

Uchrashuvda Kemyong universiteti vakillari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisining san’at sohasida xalqaro ilmiy tadqiqotlar va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasini yuqori baholab, mazkur tashrif O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi madaniy almashuvni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Kelishuvlar doirasida ikki mamlakat rassomlari va kuratorlari o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma ko‘rgazmalar va tadqiqot loyihalarini tashkil etish, shuningdek, muzey ishlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA