Jizzax viloyatida O‘zbek tili bayrami keng nishonlandi
Jizzax viloyatida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Ushbu sana doirasida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvlar va she’riyat kechalari ona tilimizning boy imkoniyatlarini namoyon etish hamda yosh avlodda milliy g‘ururni mustahkamlashga xizmat qildi.
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xalqimiz tarixidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Istiqlol arafasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi qonun milliy o‘zlikni anglash va tilimizning jamiyat hayotidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida yangi davrni boshlab berdi.


2019-yil 21-oktabrda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. 2020-yil 10-aprelda esa “O‘zbek tili bayramini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, 21-oktabrni har yili nishonlashning huquqiy asosi mustahkamlandi.
Bugun bu bayram shunchaki tarixiy sanani yodga olish emas, balki ona tilimizga bo‘lgan munosabatimizni sarhisob qilish, uning boy imkoniyatlarini keng namoyon etish va yosh avlod qalbida milliy g‘ururni mustahkamlash imkoniyati hamdir.


Jizzax viloyatida ham sana munosabati bilan shahar va tumanlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, she’riyat kechalari va ta’limiy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ularning barchasini bir maqsad – o‘zbek tilining qadrini ulug‘lash, sofligini asrash va uni kelajak avlodga boy ma’naviy meros sifatida yetkazish birlashtirdi.
Zafarobod tumanidagi Alisher Navoiy xiyobonida o‘tkazilgan tadbirda viloyatdan tashrif buyurgan mehmonlar, tuman hokimi, ta’lim muassasalari vakillari, o‘quvchilar hamda faol yoshlar ishtirok etdi. Yig‘ilganlar e’tibori o‘zbek tilining millat ma’naviyati va madaniyatidagi o‘rni, uning nufuzini yanada yuksaltirish hamda yoshlarda ona tiliga mehr-ehtiromni kuchaytirish masalalariga qaratildi. Tadbir so‘nggida ishtirokchilar buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydilar. Bu ramziy marosim shoir merosiga ehtirom va ona tilimizga sadoqat ifodasi bo‘ldi.


G‘allaorol tumanidagi bayram dasturiga esa iste’dodli yoshlar, san’atkorlar va ijodkorlarning chiqishlari fayz bag‘ishladi. Yangragan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar va badiiy chiqishlar orqali o‘zbek tilining nafosati, boyligi va milliy qadriyatlarimizni ifoda etishdagi imkoniyatlari namoyon bo‘ldi. Bayramona ruhda kechgan tadbir ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashish bilan birga, ona tiliga muhabbat tuyg‘ularini ham mustahkamladi.
Sharof Rashidov tumani ixtisoslashtirilgan maktabida tashkil etilgan tadbirlar esa yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qildi. “Ona tilim, buyuklikda eng baland tog‘lar!” shiori ostida o‘tgan uchrashuvda shoirlar, soha mutaxassislari, o‘qituvchilar va ota-onalar qatnashdi. Ochiq darslar, insholar tanlovi, “Ertaklar – yaxshilikka ertaklar” nomli sahna ko‘rinishlari va ommaviy diktantlar o‘quvchilarni til boyligini chuqurroq anglashga, uni to‘g‘ri va ravon qo‘llashga undadi. Faol ishtirokchilar va g‘oliblarning rag‘batlantirilishi esa yoshlarning ijodga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatladi.


Maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Sanobar Safarova ona tilini millat madaniyati, urf-odatlari va taraqqiyotini ko‘rsatuvchi oynaga qiyosladi. Uning ta’kidlashicha, milliy til bayroq, madhiya va gerb kabi aziz qadriyatlardan biri bo‘lib, unda xalqning ruhi va dunyoqarashi aks etadi.
Darhaqiqat, tilning qadri faqat bayramlarda aytilgan samimiy so‘zlar bilan emas, balki kundalik hayotdagi munosabatimiz bilan ham belgilanadi. Savodli yozish, ravon so‘zlash, adabiy til me’yorlariga rioya qilish, kitob mutolaasiga intilish ona tiliga hurmatning amaliy ifodasidir.

Zarbdor tumanidagi tadbirda ham ana shu ezgu g‘oyalar o‘z ifodasini topdi. Tumandagi 3- umumta’lim maktabining iqtidorli o‘quvchilari hamda madaniyat bo‘limi san’atkorlari tayyorlagan chiqishlar bayram dasturining mazmunini boyitdi. She’riy chiqishlar, badiiy ifodalar va kuy-qo‘shiqlar orqali ona tilimizning jozibasi, ma’naviy qudrati va qalblarga yaqinligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Bu kabi tadbirlarning ahamiyati sahnada yangragan she’rlar yoki bayramona uchrashuvlar bilangina cheklanmaydi. Ularning eng muhim natijasi yosh avlodni o‘z tilini taniydigan, qadrlaydigan va uning kelajagi uchun mas’uliyatni his etadigan insonlar etib tarbiyalashdir. Zero, ona tiliga muhabbat, avvalo, uning har bir so‘zini e’zozlash, ma’nosini anglash va imkoniyatlaridan o‘rinli foydalanishdan boshlanadi.

Jizzax viloyatidagi tadbirlarda ilgari surilgan g‘oyalar barchaga bir haqiqatni eslatadi: tilni asrash faqat tilshunoslar yoki ta’lim muassasalarining vazifasi emas. Bu har bir oila, har bir ta’lim dargohi, har bir tashkilot va butun jamiyatning umumiy mas’uliyati. Ona tilimizning sofligi, nufuzi va taraqqiyotiga qo‘shilgan har bir hissa milliy ma’naviyatimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbek tili bizning tariximiz, bugunimiz va kelajagimiz. U avlodlarni bog‘laydi, qalblarni yaqinlashtiradi, millatning ma’naviy qiyofasini namoyon etadi. Uni e’zozlash esa faqat bir kunlik bayram emas, balki har kuni amalga oshirilishi lozim bo‘lgan sharafli burchdir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri