Konstitutsiyaviy shikoyat: inson huquqlarini himoya qilishning yangi imkoniyatlari
Yangi qonun sharhi
Demokratik davlatlarda qonunlar nechog‘liq mukammalligi qonun ustuvorligi amalda qay darajada ta’minlangani hamda inson huquq va erkinliklari qanchalik ishonchli himoya qilinayotgani bilan belgilanadi. Zero, huquqiy davlat deganda, faqat qonunlar qabul qilinadigan emas, balki barcha davlat organlaridan tortib, mansabdor shaxslar va fuqarolargacha qonunga birdek amal qiladigan tizim tushuniladi.
Shu ma’noda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash va odil sudlovga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekistonning huquqiy va ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi mustahkamlangani esa ushbu vazifalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Binobarin, Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklar hayotda to‘liq namoyon bo‘lishi uchun ularning amal qilishini ta’minlaydigan, qonunchilikning Bosh qomusimizga muvofiqligini nazorat qiladigan samarali huquqiy mexanizmlar zarur. Ana shunday muhim institutlardan biri bu – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudidir.
Joriy yil 14-oktabr kuni Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni esa ushbu institutning huquqiy maqomi, vakolatlari va faoliyat prinsiplarini belgilab beruvchi, mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy qonun bilan quyidagi eng muhim yangiliklar joriy etildi, ya’ni sud faoliyatiga axborot tizimi joriy etilib, murojaatlarni elektron shaklda yuborish, jarayonni onlayn kuzatish, videokonferensaloqa va mobil ilova orqali sudda ishtirok etish hamda ochiq sud majlislarini internet orqali jonli efirga uzatish imkoniyati yaratildi.
Konstitutsiyaviy sud qarorlarining ijro mexanizmi kuchaytirilmoqda. Konstitutsiyaga zid deb topilgan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan davlat organi ushbu hujjatni uch oydan kechiktirmasdan yoki Konstitutsiyaviy sudning qarorida belgilangan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirishi shartligi, hamda bunday hujjatlar asosida chiqarilgan sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tartibi aniq belgilandi.
Shuningdek, ushbu Konstitutsiyaviy qonun Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tartibga solish bilan birga, Asosiy qonunning hayotdagi ta’sirchanligini ta’minlashga xizmat qiladigan institutsional asoslarni ham mustahkamlaydi. Zero, Konstitutsiyaning ustuvorligi faqat uning matnidagi normalar bilan emas, balki ushbu normalar buzilganda ularni tiklash va himoya qilish imkoniyatlari bilan ham belgilanadi.
Shu bois, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunda Konstitutsiyaviy sud sudyalarining mustaqilligi, ularning faqat Konstitutsiyaga bo‘ysunishi hamda sud faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligiga oid kafolatlar belgilangan. Bu qoidalar sudning xolis qaror qabul qilishi, konstitutsiyaviy nazoratni xolisona amalga oshirishi uchun huquqiy zamin yaratadi.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud qarorlarining uzil-kesilligi va ularning tegishli sub’ektlar uchun majburiyligi konstitutsiyaviy nazoratning ta’sirchanligini ta’minlaydi. Agar sud qaroriga amal qilish ixtiyoriy bo‘lganida, Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash mexanizmining samarasi ham sezilarli darajada pasaygan bo‘lar edi.
Sud mustaqilligi nafaqat qonunchilikda belgilangan huquqiy kafolatlar, balki sudyalarning kasbiy malakasi, huquqiy tafakkuri, mas’uliyati va xolisligida ham namoyon bo‘ladi. Konstitutsiyaviy sud faoliyatida qonuniylik, asoslilik, xolislik va ochiqlik tamoyillariga izchil amal qilinishi esa inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash hamda ularning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun muhim zamin yaratadi. Zero, huquqiy davlatning asosiy mezonlaridan biri – har bir insonning o‘z huquq va erkinliklarini qonuniy vositalar orqali mustaqil himoya qila olishi, zarur hollarda esa adolatni qaror toptirish maqsadida vakolatli organlarga murojaat qilish imkoniyati kafolatlanganidir.
Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiyaviy qonunning 42-moddasida Davlat rahbari, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi kabi bir qator sub’ektlar bilan birga, fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga konstitutsiyaviy shikoyat bilan murojaat qilish huquqi belgilangani muhim ahamiyatga ega. Mazkur huquq konstitutsiyaviy nazorat imkoniyatlarini kengaytirib, Asosiy qonun bilan kafolatlangan huquqlarni himoya qilishda fuqaro va yuridik shaxslarning imkoniyatlarini oshirdi. Bu esa inson manfaatlarini davlat siyosatining markaziga qo‘yishga qaratilgan islohotlarning muhim huquqiy ifodasidir.
Amaldagi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq, fuqarolar va yuridik shaxslar, agar muayyan sud ishida o‘zlariga nisbatan qo‘llanilgan qonun ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini buzgan deb hisoblasalar, qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida Konstitutsiyaviy sudga shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkin. Bunda, xususan, boshqa sud himoyasi vositalarining tugallangan bo‘lishi talab etiladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, ushbu mexanizmning ahamiyatini birgina huquqiy tartib-taomil sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning zamirida insonning davlat va qonun oldidagi qadri, huquqiy himoyaga bo‘lgan ishonchi va adolatni qaror toptirishga qaratilgan intilish mujassam.
Masalan, muayyan qonun normasining sud ishida qo‘llanilishi fuqaroning konstitutsiyaviy huquqlariga daxl qilgan deb hisoblansa, u qonunda belgilangan shartlar bajarilgan taqdirda, ushbu normaning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish masalasini Konstitutsiyaviy sud oldiga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, konstitutsiyaviy shikoyat har qanday sud qarorini qayta ko‘rib chiqish yoki oddiy huquqiy nizoni hal qilish vositasi emasligini anglash lozim. Uning asosiy maqsadi – muayyan sud ishida qo‘llanilgan qonunning konstitutsiyaviyligini tekshirish orqali insonning Asosiy qonun bilan kafolatlangan huquqlarini himoya qilishdir.
Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan Inson huquqlari bo‘yicha vakil – Ombudsman hamda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishga mas’ul vakolatli vakilning qonunda belgilangan doirada Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatlari ham muhim ahamiyatga ega. Bu mexanizmlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy manfaatlarini himoya qilishda institutsional ko‘makni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlari uchun huquqiy aniqlik va barqarorlik iqtisodiy faoliyatning muhim sharti hisoblanadi. Qonunchilikdagi noaniqliklar va konstitutsiyaviy talablarga zid normalarning mavjudligi nafaqat muayyan korxona manfaatlariga, balki ishbilarmonlik muhitiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, konstitutsiyaviy nazorat mexanizmlarining samarali ishlashi iqtisodiy islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, qonunning hayotbaxshligi uning matnda qay darajada mukammal ifodalangani bilangina emas, balki jamiyatda qanchalik to‘g‘ri anglanishi va amalda qay darajada qo‘llanilishi bilan belgilanadi. Shu ma’noda, Konstitutsiyaviy sudning samarali faoliyati bilan bir qatorda, aholining huquqiy bilimi va konstitutsiyaviy madaniyatini yuksaltirish ham dolzarb vazifadir.
Fuqaro o‘z huquqlarini bilsa, davlat organlarining vakolatlari va mas’uliyatini anglasa, huquqiy himoya vositalaridan foydalanish tartibidan xabardor bo‘lsa, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash imkoniyatlari yanada kengayadi.
Shu bois, Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga oid ma’lumotlarni keng jamoatchilikka tushunarli tilda yetkazish, konstitutsiyaviy shikoyat berish tartibi va talablarini izohlash, sud qarorlarining huquqiy ahamiyatini yoritish muhimdir. Bu borada ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari, huquqshunos olimlar va fuqarolik jamiyati institutlari ham faol ishtirok etishi lozim.
Zero, huquqiy madaniyat yuksak bo‘lgan jamiyatda Konstitutsiya faqat davlat ramzi yoki huquqiy hujjat sifatida emas, balki kundalik hayotda amal qilinadigan ishonchli mezon sifatida namoyon bo‘ladi.
Nilufarxon SAID-GAZIEVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Devon rahbari, yu.f.d.
O‘zA