Yosh siyosiy yetakchilar Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi
«Yuksalish» harakati va Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan «Markaziy Osiyo yosh yetakchilari» mintaqaviy dasturi o‘z ishini boshladi.
Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjon Respublikasidan kelgan yosh siyosatchilar va ekspertlar mintaqa yoshlari hamkorligini mustahkamlash hamda o‘zaro tajriba almashish masalalarini muhokama qilmoqda.
Ushbu dastur doirasida mehmonlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ham tashrif buyurdi. Quyi palata Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov yosh siyosatchilar bilan uchrashib, mamlakatimizda yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, yurtimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, salohiyatini ro‘yobga chiqarish, davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish borasida bir qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Mahallalarda yoshlar yetakchilari instituti joriy etilib, yoshlarning muammolari o‘rganilmoqda va joyida hal etilmoqda. Faol va tashabbuskor yigit-qizlarning g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Muloqot davomida Qonunchilik palatasining faoliyati va yoshlarning qonun ijodkorligidagi ishtirokiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni qonunchilik jarayonlariga jalb etish va kelajakdagi siyosiy yetakchilarni shakllantirishda muhim institut bo‘layotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda mintaqa yoshlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, do‘stona aloqalarni rivojlantirish, parlamentlararo aloqalarni jadallashtirish hamda yosh yetakchilar o‘rtasida tajriba almashish masalalari ham muhokama qilinib, qator fikr-mulohazalar bildirildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA