Ko‘ngillarga quvonch ulashgan tashabbus
Inson qadri, ayniqsa, bolajonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish jamiyatda mehr-oqibat va insonparvarlik muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Olmaliq shahrida ana shunday ezgu tashabbus amalga oshirildi. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ Yoshlar ittifoqi Kengashi hamda OKMK futbol klubi hamkorligida shahar oilaviy poliklinikasida davolanayotgan bolajonlar holidan xabar olindi. Asosiy maqsad davolanish jarayonida bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘nglini ko‘tarish va bir muddat bo‘lsa-da, kasallik tashvishlaridan chalg‘itishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida bolajonlar bilan samimiy muloqot qilinib, ular uchun turli qiziqarli va ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi. Bu esa poliklinikadagi bolalarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbirda OKMK futbol klubi rahbariyati, murabbiylar shtabi hamda akademiya vakillari ishtirok etib, bolajonlar bilan suhbatlashdi, ularga ezgu tilaklar bildirdi. Shuningdek, bolajonlarga bayram sovg‘alari topshirildi. E’tibor va samimiy munosabat bolalarning quvonchiga quvonch qo‘shdi. Yakunda bolajonlarga tezroq sog‘ayib, yaqinlari bag‘riga sog‘-omon qaytishlari tilab qolindi.

Bunday xayrli tashabbuslar nafaqat bolajonlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi, balki jamiyatda mehr-oqibat, insonparvarlik va o‘zaro g‘amxo‘rlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA