Foydalanilmayotgan yerlar yana qishloq xo‘jaligiga qaytariladi
Boyovut tumanida foydalanishdan chiqqan, bo‘sh turgan va ekin ekilmayotgan 3 500 gektardan ortiq yer maydoni qayta o‘zlashtirilib, qishloq xo‘jaligi muomalasiga kiritiladi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Boyovut tumanida mazkur yer maydonlarini qayta o‘zlashtirishga qaratilgan loyiha taqdimotida ma’lum qildi.
Taqdimotda har bir yer maydonining holati alohida o‘rganilib, uning suv manbalariga yaqinligi, tuproq xususiyatlari va sho‘rlanish darajasi tahlil qilindi. Shu asosda maydonlarga mos ekin turlarini joylashtirish, yerlarni tekislash, meliorativ holatini yaxshilash hamda suv ta’minotini barqarorlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ayniqsa, o‘rtacha sho‘rlangan maydonlarni qayta o‘zlashtirishda agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish, suvdan tejamkor foydalanish va tuproq unumdorligini tiklash muhim vazifa sifatida belgilandi. Bu borada suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy sug‘orish usullaridan foydalanish va yerga ishlov berishning samarali usullarini qo‘llashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Sirdaryo sharoitida yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Viloyatda foydalanishdan chiqqan yerlarni qayta qishloq xo‘jaligi muomalasiga kiritish bo‘yicha avval ham aniq vazifalar belgilangan. Xususan, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish, suv yetib bormaydigan hududlarda qo‘shimcha infratuzilma yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Yangi loyiha doirasida esa maydonlarni bosqichma-bosqich o‘zlashtirish, ularni ekin ekishga tayyorlash va har bir gektardan yuqori samara olish imkoniyatlari muhokama qilindi.
— Loyiha amalga oshirilishi natijasida Boyovut tumanida 3 500 gektardan ortiq foydalanilmayotgan yer qayta qishloq xo‘jaligi muomalasiga kiritiladi. Bu ekin maydonlarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish hamda mavjud yer resurslaridan samarali foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Qayta o‘zlashtirilayotgan maydonlarda ekin turlari yerning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda joylashtiriladi. Bu esa suv ta’minoti va tuproq tarkibiga mos ekinlarni tanlash orqali nafaqat hosildorlikni oshirish, balki suv va boshqa resurslar sarfini maqbullashtirish imkonini beradi, — deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Abror Xidirov.

Muhokamada viloyat va tuman mutasaddilari, soha mutaxassislari hamda tajribali xorijiy maslahatchilar ishtirok etdi. Ular tomonidan yerlarni qayta o‘zlashtirishda zamonaviy yondashuvlardan foydalanish, meliorativ tadbirlarni manzilli tashkil etish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish yuzasidan takliflar bildirildi.
Sirdaryoda qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanish masalasi bugun ayniqsa dolzarb. Viloyatda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv ta’minotini barqarorlashtirish va zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mas’ullarga loyihada belgilangan har bir maydon bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash, yerlarni tayyorlash ishlarini sifatli tashkil etish, suv ta’minotini yaxshilash va o‘zlashtirish jarayonini belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Eng muhimi, bu jarayonda faqat yer maydonlarini qayta ekin ekishga kiritish emas, balki ularning uzoq muddatli unumdorligini ta’minlash, suvdan oqilona foydalanish va har bir gektardan barqaror iqtisodiy samara olishga e’tibor qaratiladi.
Boyovutdagi 3 500 gektardan ortiq yerning qayta foydalanishga kiritilishi hududning agrar salohiyatini yanada kengaytirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini oshirish va yer resurslaridan samarali foydalanish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri