Komil inson g‘oyasi va Alisher Navoiy ijodida ma’naviy islohotchilik
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida inson qadri, uning ma’naviy kamoloti va barkamol avlodni tarbiyalash masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Ayniqsa, ta’lim va tarbiya tizimida yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida yetuk, irodali, ijtimoiy faol shaxslar etib voyaga yetkazish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Shu ma’noda, Sharq mutafakkirlarining inson kamoloti haqidagi boy ma’naviy merosini zamonaviy nuqtai nazardan o‘rganish va uni yosh avlod ongiga singdirish muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi. Zero, jamiyat taraqqiyoti bevosita insonning ma’naviy dunyosi, uning axloqiy qiyofasi va ijtimoiy mas’uliyatiga bog‘liq.
O‘zbek adabiyotshunosligi va navoiyshunosligining zabardast olimi, filologiya fanlari doktori, professor Muslihiddin Muhiddinovning “Komil inson – adabiyot ideali” nomli fundamental tadqiqoti aynan shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan alohida ajralib turadi.
Sharq adabiyotida “komil inson” g‘oyasi azaldan markaziy o‘rin egallab kelgan. Xususan, xamsanavislik an’anasi doirasida yaratilgan asarlar insonning ichki kamoloti, axloqiy poklanishi va jamiyatdagi o‘rni masalalarini keng qamrab oladi. Bu an’ana doirasida yaratilgan dostonlar, ayniqsa, birinchi dostonlar – “Maxzan ul-asror”, “Matla’ ul-anvor”, “Tuhfat ul-ahror” va “Hayrat ul-abror” insonning yaratilishi, uning ilohiy mohiyati va komillikka erishish yo‘llarini badiiy-falsafiy jihatdan yoritib beradi.

Mazkur asarlarda inson borliqning gultoji sifatida talqin etiladi. Komillik esa nafaqat ilm va ma’rifat, balki nafsni jilovlash, adolatga sodiqlik va jamiyat oldidagi mas’uliyatni his etish bilan belgilanadi. Barcha xamsanavislar uchun umumiy bo‘lgan jihat shundaki, ular adabiyotni jamiyatni isloh etuvchi kuch sifatida ko‘radilar. Didaktik ruh, nasihat va axloqiy targ‘ibot ushbu asarlarning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Shu bilan birga, xamsanavislik an’anasi doirasida komil inson konsepsiyasi taraqqiy etib boradi. Dastlabki bosqichda u ko‘proq falsafiy va nazariy xarakterga ega bo‘lsa, keyingi davrlarda tobora hayotiylashib, ijtimoiy mazmun bilan boyib boradi.
Ilk xamsanavisning asarlarida komillik g‘oyasi ko‘proq umumlashgan va ilohiy hikmatlar asosida talqin qilinadi. Inson kamoloti ko‘pincha yuqori tabaqa vakillariga qaratilgan o‘gitlar orqali ifodalanadi. Keyingi bosqichlarda esa bu g‘oya kengayib, jamiyatning turli qatlamlari hayoti bilan bog‘lanadi, oddiy insonlarning muammolari, ijtimoiy adolatsizlik va hayotiy ziddiyatlar tasviriga e’tibor kuchayadi.
Muslihiddin Muhiddinov esa komil insonni faqat uzlatga chekingan zohid emas, balki xalq dardi bilan yashaydigan, adolatni qadrlaydigan va nafsini jilovlay olgan shaxs sifatida talqin qiladi.
Tasavvufiy tafakkur ta’sirida komillik masalasi insonning ichki olami, qalb pokligi va ruhiy yetuklik bilan yanada chuqurroq bog‘lanadi. Insonning o‘z nafsini yengishi, ruhiy poklanishi va ilohiy haqiqatga intilishi komillikning asosiy mezoniga aylanadi.
Xamsanavislik an’anasining eng yuksak bosqichi esa Alisher Navoiy ijodida namoyon bo‘ladi. Uning “Hayrat ul-abror” dostoni komil inson g‘oyasini yangi, sifat jihatidan yuqori darajaga ko‘targan asar sifatida ajralib turadi.
Navoiy ijodining eng muhim xususiyati – komillik g‘oyasining hayotiylik kasb etishidir. U komil insonni faqat tasavvufiy ideal yoki nazariy tushuncha sifatida emas, balki jamiyatda faoliyat yurituvchi, el-yurt dardi bilan yashaydigan shaxs sifatida talqin etadi. Alisher Navoiy nazarida komillik, bu – tarkidunyochilik emas, balki xalq xizmatida bo‘lish, adolatni qaror toptirish va ijtimoiy illatlarga qarshi kurashishdir.
Navoiy asarlarida ijtimoiy tanqid kuchli ifodalangan. U yomonlikni umumiy tarzda qoralab qolmaydi, balki aniq obrazlar orqali uning mohiyatini ochib beradi. Zulm, jaholat, ochko‘zlik, mansabparastlik kabi illatlar keskin va ta’sirchan tasvirlanadi. Bu esa o‘quvchida nafaqat anglash, balki ularga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantiradi.
Shoirning yana bir muhim yangiligi – adolat g‘oyasini keskin va qat’iy tarzda ilgari surishidir.
Uning talqinida adolat jamiyat barqarorligining asosi bo‘lib, har bir inson – u shoh bo‘ladimi yoki oddiy fuqaro – o‘z vazifasini halol va mas’uliyat bilan bajarishi shart. Zulm esa jamiyatni yemiruvchi eng katta illat sifatida baholanadi.
Navoiy komil inson obrazini xalq hayoti bilan chambarchas bog‘laydi. U ideal insonni oddiy odamlar orasidan izlaydi, ularning dardi, orzu-intilishlari va muammolarini badiiy ifodalaydi. Shu tariqa, komillik g‘oyasi abstrakt tushunchadan real hayotiy mezonga aylanadi.
Bundan tashqari, Navoiy ushbu g‘oyalarni turkiy til imkoniyatlari orqali yuksak badiiy darajada ifodalab, ularni keng xalq ommasiga yetkazadi. Bu esa nafaqat adabiy til taraqqiyoti, balki ma’naviy g‘oyalarning ommalashuviga ham xizmat qiladi.
“Hayrat ul-abror” nomining o‘zi ham chuqur ma’no kasb etadi. Unda hayrat – bilishning, anglashning eng yuqori bosqichi sifatida talqin etiladi. Inson borliq sirlaridan hayratga tushgan holda, o‘zining ilohiy mohiyatini anglaydi va komillik sari intiladi.
Umuman olganda, xamsanavislik an’anasi doirasida komil inson konsepsiyasi izchil ravishda rivojlanib, Navoiy ijodida o‘zining eng mukammal ifodasini topadi. Bu jarayon inson haqidagi qarashlarning oddiy nazariy tasavvurlardan real ijtimoiy ideal darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Bugungi kun nuqtai nazaridan qaraganda, ushbu g‘oyalar alohida ahamiyat kasb etadi. Avvalo, komillikning ijtimoiy faoliyat bilan bog‘lanishi yosh avlodda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ma’naviy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ikkinchidan, ajdodlar merosiga tayangan holda, uni zamonaviy talablarga mos ravishda rivojlantirish zarurligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu esa milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari intilishning muhim omillaridan biridir.
Uchinchidan, insonni eng oliy qadriyat sifatida ulug‘lash g‘oyasi bugungi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bilan hamohangdir. Bu qadriyat asrlar davomida shakllangan ma’naviy merosga tayanadi.
Xulosa qilib aytganda, xamsanavislik an’anasida ilgari surilgan komil inson g‘oyasi nafaqat adabiy-estetik ideal, balki jamiyatni ma’naviy jihatdan yuksaltiruvchi muhim asosdir. Alisher Navoiy esa ushbu g‘oyani yangi bosqichga ko‘tarib, uni hayotiy va ijtimoiy mazmun bilan boyitdi.
Bugungi kunda ham bu qarashlar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Aksincha, ular barkamol avlodni tarbiyalash, jamiyatda adolat va ezgulik tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida muhim ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda Muslihiddin Muhiddinov talqinidagi komil inson konsepsiyasi nafaqat adabiy ideal, balki bugungi kun jamiyatini ijobiy tomonga o‘zgartiruvchi real ma’naviy kuch sifatida xizmat qila oladi.
Ahadjon MUHAMMADIEV,
Shahrisabz davlat pedagogika
instituti professori.
O‘zA