O‘zbekiston – iste’dodlar diyori
Yurtimizning har bir hududi iste’dodlarga boy. Bu, ayniqsa, adabiyot sohasida yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Jizzax adiblari” nomli muhtasham to‘plamning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida O‘zbekiston “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisining o‘rinbosari, taniqli jurnalist va publitsist Sharof Ubaydullayev, ma’naviyat targ‘ibotchisi, taniqli shoira Gulchehra Shahobiddin, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi ijodkor va psixolog Mahmud Yo‘ldoshev milliy adabiyotimizda, jurnalistikamizda jizzaxlik ijodkorlarning ham munosib ulushi bor ekanini e’tirof etdi.

Mazkur to‘plam Jizzax viloyati hokimligi homiyligida hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan chop etilgan ko‘p jildli yirik adabiy-antologik kitoblar majmuasidir. Ushbu loyiha Jizzax vohasidan yetishib chiqqan tarixiy va zamonaviy ijodkorlarning hayoti, faoliyati hamda asarlari namunalarini bir tizimga solish maqsadida yaratilgan.
To‘plam bir nechta yo‘nalish va davrlarni qamrab olgan jildlardan iborat. I va II jildlar nasr yo‘nalishiga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda Jizzax adabiy muhitiga mansub bo‘lgan taniqli yozuvchilarning nasriy asarlari, hikoya va qissalaridan namunalar hamda ularning biografiyasi joy olgan.
“Jizzax adiblari” kitobining birinchi va ikkinchi jildi nasr yo‘nalishida ijod qilgan jizzaxlik adiblar Sharof Rashidov, Nazir Safarov, Sarvar Azimov, Oqiljon Husanov, Mamadali Mahmudov kabi zabardast ijodkorlar ijodiga bag‘ishlanadi. Ular yaratgan sara asarlar bugun o‘zbek adabiyotining durdonalari sifatida o‘qib o‘rganilayotir.

Bugungi kunda ham milliy adabiyotimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan jizzaxlik yozuvchi va shoirlarimiz xoh poytaxtda yashamasin, xoh viloyatda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ma’naviyatimizning bayroqdorlari bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, Nurali Qobul, Ergash Muhammad, Abdulla Ahmad, Abulqosim Mamarasulov, Ikrom Iskandar, Zulfiya Qurolboy qizi, Asror Mo‘min, Abdulla Qo‘shboq, Bahodir Qobul, Abdurahmon Karimov, Abdurasul Murodov, Mehri Karimova, Venera Ibragimova, Turob Yusuf, Sayyora To‘ychiyeva, Isoq Ismoil, Mehribon Abdurahmonova, Muhiddin Abdusamad, Abdusattor Sodiqov, Abduxalil Sattorov, Gulchehra Shahobiddin, Shahlo Ahrorova, Shodi Otamurod va Zuhra Mamadaliyeva kabi qalamkashlar ijodi keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. Jizzax viloyatida yashab o‘tgan bir qator adiblar – yozuvchi va dramaturg Turob Maqsud, publitsist va tarjimon Meli Normatov shoira va tarjimon Sharofat Botirova ijodi ham Jizzax adabiy muhitida salmoqli o‘rin tutadi.
Uchinchi jild nazm yo‘nalishida. Ushbu jild XX asrda yashab o‘tgan va bugungi kunda ijod qilayotgan 111 nafar jizzaxlik shoirlarning hayoti, arxiv ma’lumotlari va she’riy asarlarini o‘z ichiga oladi.

Hamid Olimjon, Zulfiyaxonim kabi milliy she’riyatimizning yirik namoyandalari bilan birga Ergash Muhammad, Abdulla Ahmad, Ikrom Iskandar, Asror Mo‘min, Mehri Karimova, Turob Yusuf, Sayyora To‘ychiyeva va Isoq Ismoil kabi ijodkorlarning batafsil biografiyasi hamda sara she’rlari jamlangan.
Tadbirda mazkur to‘plam haqida batafsil so‘z yuritildi. Ustoz ijodkorlar yangi she’rlaridan namunalarni o‘qib berdi.
N.Usmonova, O‘zA