“Kitobxon Kids” g‘oliblari aniqlandi
Qashqadaryo viloyatida bolalar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan “Kitobxon Kids” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Viloyat Yoshlar markazida tashkil etilgan mazkur bellashuv yosh iste’dodlarni kashf etish va ularning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tanlov ham ana shu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘lib, 7-10 hamda 11-14 yosh toifalarida o‘tkazilgani bilan ahamiyatlidir.
Tanlov jarayonlari to‘liq raqamlashtirilib, ishtirokchilarning bilimlari Yoshlar ishlari agentligining “Mutolaa” mobil ilovasi orqali baholandi. Bu esa bellashuvning shaffof va adolatli o‘tishini ta’minladi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi.
7-10 yosh toifasida Qarshi tumanidan Gulnora Kamalova, Nishon tumanidan Shukrullo Aliqulov va Dehqonobod tumanidan Safina Yusupova yuqori natijalarni qayd etdi.
11-14 yosh toifasida esa Chiroqchi tumanidan Asaloy Sunnatillayeva, Qarshi tumanidan Samir Keldiyorov hamda Kitob tumanidan Odilbek Baxtiyorov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
[gallery-29196]
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mutasaddilar ta’kidlaganidek, bu kabi tanlovlar yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishini kuchaytirish, ularni kitobga oshno etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari