Kitob taqdimoti
Har bir davrning o‘z qiyofasi bor, albatta. Davr bilan hamnafas yashab, yurt to‘kinchiligi yo‘lida xizmat qilganlarni ulug‘lash milliy qadriyatlarning bir bo‘g‘inidir.
Qarshi davlat universitetida “Qashqadaryoning faxrli farzandlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Monografiya 23 bo‘limdan iborat bo‘lib, unda turli sohalarda el-yurt taraqqiyotiga yuksak ulush qo‘shgan fidoyi insonlar mehnati va ular erishgan yutuqlar haqida ma’lumotlar berilgan.



–Ushbu monografiya kechagi tariximizning yorqin ko‘zgusidir, – deydi so‘zga chiqqan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi, professor Abdurahim Erkayev. – Qatag‘on davrining qurbonlari, Ikkinchi jahon urushida fashist bosqinchilariga qarshi jon olib, jon berib kurashgan jangchilar qismati, mehnat qahramonlarining mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyoti yo‘lida matonati, turli davrda rahbar bo‘lib ishlagan va yurt obodligi uchun kurashgan zahmatkash insonlar hayotiga chizgilar, shu bilan birga fan-texnika, adabiyot, san’at, madaniyat fidoyilarining bugungi avlodga faxr tuyg‘usini beradigan ulkan xizmatlari e’tirof etilganligi bizni quvontiradi. Monografiya yaratilishida ayrim fidoyi insonlar hayotiga doir ma’lumotlarni to‘plashda qiyinchiliklar tug‘ilganligini yashirib bo‘lmaydi. Hatto arxivlarda ular haqida ma’lumotlar topib bo‘lmaganligi, ammo izlanishlar, surishtiruvlar orqali tegishli dalillarga ega bo‘linganini ta’kidlash joizdir. Nima bo‘lganda ham ushbu monografiya qashqadaryoliklar uchun muhim manba bo‘lib qoladi. Yillar o‘tishi bilan bu monografiya yanada katta ahamiyat kasb etishiga shak-shubha yo‘q.


Taqdimotda qashqadaryolik O‘zbekiston Qahramonlari Muhabbat Sharopova, Abdumurod Bozorov, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi Komila Karomova, professorlar Murodilla Normurodov, Yulduz Ergasheva, viloyat sudi, viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda sog‘liqni saqlash faxriylar kengashlari raislari va qator ijod ahli vakillari so‘zga chiqib, bu xayrli ish viloyat xalqiga qimmatli tuhfa ekanligini ta’kidlashdi.

Monografiya muallifi Sa’dulla Boboqulov kelgusida kitobning keyingi tomlarini davom ettirishini ta’kidlab, fikr-mulohazalar uchun minnatdorchilik bildirdi.
O‘roz Haydar,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir.
O‘zA