Kitob o‘qiyotgan yoshlar — kelajakni yaratayotgan avlod
Mulohaza
Yaqinda qizlarim bilan poytaxtimizdagi Respublika bolalar kutubxonasiga bordik. Yakshanba — dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, kutubxona tashqarisidagi joylar ham, ichkaridagi o‘rindiqlar ham kitobxon yoshlar va bolalar bilan band edi.
Bir chekkada turib yoshlarimizni kuzatdim: birovlari oldiga bir nechta kitoblarni to‘plab, izlanishlar bilan ovora, birovlari berilib badiiy kitob o‘qiyapti, yana kimlardir esa darsliklar va noutbukdan foydalanib, dars qilish bilan mashg‘ul. Kutubxona sahnidagi sokin muhit, yaratilgan sharoitlar har qanday insonni kitoblar ichiga sho‘ng‘ishga undaydi, kitob mutolaasiga chorlaydi.
Yon-atrofga ham, bir-biroviga ham e’tibor bermasdan, chalg‘imasdan kitobxonlikka mukkasidan ketgan yoshlarni ko‘rib, ochig‘i, quvondim. Va “yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, degan dashnomlarga, e’tirozlarga nisbatan ich-ichimdan e’tiroz paydo bo‘ldi.
Nega e’tiroz? Bundoq o‘ylab qarasak, hamma davrlarda ham ziyoli, o‘qimishli qatlam, ilmga, kitobga intiluvchan avlod vakillari ham, shu bilan birga, ilm-ma’rifatdan yiroq, omi, umrida qo‘liga kitob ushlamagan insonlar ham bo‘lgan. Qaysidir davrlarda esa odamlar atayin ma’rifatsizlik botqog‘iga cho‘ktirilgani, saviyasizlik domiga tortilgani, ijtimoiy-siyosiy ongi yuksalishiga yo‘l qo‘yilmaganidan ham xabardormiz.
Bugun esa yurtimizda yoshlarimizning bilim olishi, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishi uchun barcha imkoniyatlar muhayyo. Hatto kitobxonlik harakati davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, eng yuqori darajada rag‘batlantirish joriy qilinganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Kitobxonligi ortidan ota-onasiga mashina sovg‘a qilayotgan, katta miqdordagi pul mablag‘larini hadya etayotgan, yuksak marralarni zabt etayotgan yoshlar safi ortmoqda.
Yana bir e’tiborli jihati, respublika darajasidagi kitobxonlik tanlovidan tashqari turli sohalar va tashkilotlar, jamoalar doirasidagi kitobxonlik bellashuvlari ham ko‘payib bormoqda. Shuning barobarida ularda ishtirok etish istagidagi kitobxon yoshlar soni ham cheksiz.
Kitob do‘konlari tarmoqlarining soni ham, sifati ham, xizmat ko‘rsatish darajasi va imkoniyatlari ham kengayib borayotgani-da bejiz emas. Talab borki, takliflar salmog‘ida ham o‘sish bor. Ahamiyatlisi, qaysi kitob do‘koniga kirmang, u yerda, albatta, kitobga oshno yoshlarni uchratasiz va ularning qaysidir jahon va o‘zbek adabiyoti namunalarini so‘rab-surishtirayotgani, talab qilayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Hozirgi yoshlar nafaqat muqovali kitoblarni o‘qish bilan band, balki yo‘l-yo‘lakay elektron kitoblarni o‘qishni ham odatga aylantirishdi. Elektron kitoblarning qulayligi esa vaqt, makon, joy, muhit tanlamaydi. Bu esa kitob o‘qishda imkoniyatlarni kengaytiradi.
Kutubxonadagi yoshlarni kuzatar ekanman, shu kabi o‘ylar xayolimni band etib, bugungi kitobxon yoshlardan mamnunlikni, xotirjamlikni tuydim. Ular nafaqat badiiy kitoblar mutolaasi bilan band, balki xorijiy tillarni o‘rganish, fanlardan milliy va xorijiy sertifikatlarga ega bo‘lish ilinjida ham tinmay kitob titkilayapti.

Qizlarim ham o‘z yoshiga munosib kitoblardan olib, kun davomida shu yerda o‘tirib o‘qishdi, darslarini qilishdi. Ular kutubxonadagi bunday atmosferadan zavqlanib, shavqlanib qaytishdi o‘sha kuni. Ushbu ma’naviyat maskani farzandlarimga yoqib tushib, kelasi haftada o‘rtoqlariga ham targ‘ib qilgan holda ular bilan birgalikda yana borishdi.
Bu safar ham kutubxonaning o‘zgacha muhitidan maroqlanishgani, bir nechta darslarini qilishgani, badiiy kitobini yakunlab qolganini aytib keldi. “Bu safar ham odam ko‘p ekanmi”, deya atayin so‘radim. “Voy, yaxshiyam vaqtli boribmiz, kechroq borganimizda joy qolmas ekan, rosa yoshlar ko‘p edi...”
Qizimning bu javobidan qalbim huzur qildi. Uning kitobxon yoshlar atmosferasida maroq bilan kitob o‘qigani haqida zavqlanib gapirganidan o‘zim ham ruhlanib ketib, yakuniga yetolmay yurgan asarimni o‘qishga tushdim.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun kitob o‘qiyotgan yoshlar kam emas. Ilm yo‘lida harakat qilayotgan yigit-qizlar soni ham talaygina. Kitobxon yoshlar esa kelajagimizni yaratayotgan avlod sifatida Yangi O‘zbekistonning istiqboli, yangi marralarning asoschilari bo‘lajak.
Muhtarama Komilova, O‘zA