Kimyo – taraqqiyot omili va innovatsiyalar manbai
Ilm-fan taraqqiyoti jamiyat rivojining asosiy omillaridan biri. Ayniqsa, kimyo fani ishlab chiqarish, sanoat, ekologiya va kundalik turmushda muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo institutida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” kimyoning hayotimizdagi o‘rni va uning amaliy ahamiyatini keng yoritishga xizmat qildi.
Tadbir davomida ushbu institut faoliyati, ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari hamda erishilayotgan natijalar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Umuman olganda, kimyo nafaqat laboratoriya sharoitida olib boriladigan ilmiy izlanishlar bilan cheklanadi, balki inson hayotining barcha jabhalariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, oziq-ovqat sanoati va ishlab chiqarishda kimyoning roli beqiyos ekani alohida qayd etildi.
Bugungi kunda institut olimlari tomonidan konditer mahsulotlari sohasida innovatsion ishlanmalar olib borilmoqda. Yangi turdagi mahsulotlarni yaratish, ularning sifatini oshirish, ta’mi va saqlanish muddatini yaxshilash borasida izlanishlar davom etmoqda. Bu jarayonda kimyoviy tarkibni to‘g‘ri tanlash va mahsulot xavfsizligini ta’minlash muhim omil sifatida ko‘rilmoqda.
[gallery-28492]
Bundan tashqari, kimyo fanining maishiy hayotimizdagi ahamiyati katta. Jumladan, oqartiruvchi va tozalovchi vositalarni ishlab chiqishda kimyoviy reaksiyalar muhim o‘rin tutadi. Institutda yaratilayotgan yangi ekologik toza mahsulotlar samaradorligi bilan bir qatorda atrof-muhitga zarar yetkazmasligi bilan ham ajralib turadi.
Mazkur tadbir kimyo fanining amaliy ahamiyatini ham yaqqol namoyon etdi. Ilmiy izlanishlar va innovatsion ishlanmalar orqali inson hayoti sifatini yaxshilash, ekologik muammolarni kamaytirish hamda sanoatni rivojlantirish mumkinligi yana bir bor isbotlandi. Bunday tadbirlar esa ilm-fanni ommalashtirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish va kelajak taraqqiyotiga mustahkam zamin yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘ktam Hayitov (surat),
O‘zA