Bilimga intilgan yoshlar uchun zamonaviy maskan
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Farg‘ona filialida yangi o‘quv yili zamonaviy binoda boshlandi.
Mamlakatimizda ta’lim va fan taraqqiyotining hal qiluvchi ahamiyatini inobatga olgan holda yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Farg‘ona viloyatida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda bo‘lib, buni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab Farg‘ona filiali misolida ham ko‘rish mumkin.
[gallery-31298]
504 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim muassasasida ayni paytda 432 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Yangi o‘quv yilida maktabga 7 ming 900 nafardan ziyod nomzod hujjat topshirgan bo‘lib, saralash natijalariga ko‘ra, ulardan 72 nafari qabul qilindi. Bu bir o‘rin uchun o‘rtacha 115 nafar nomzod raqobatlashganini anglatadi va yoshlarning sifatli ta’limga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda o‘quvchilarga 15 nafar oliy malaka toifasiga ega pedagog ta’lim bermoqda. Yangi binoda zamonaviy sinf xonalari, o‘quv laboratoriyalari, sport zali hamda oshxona o‘quvchilar ixtiyoriga berilgan.
Ta’lim muassasasida o‘quvchilarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ular xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan o‘z ta’lim platformasini yaratgan, shuningdek, robototexnika yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Mazkur zamonaviy ta’lim dargohidan kelgusida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy kabi buyuk allomalar izidan boruvchi, ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan bilimli va salohiyatli yoshlar yetishib chiqishi shubhasiz.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA