Kelajakka bo‘y cho‘zgan o‘tmish merosi
Davlatimiz rahbarining ma’naviy merosga tayangan holda yuritayotgan ochiqlik siyosati va qat’iyati taraqqiyot sari odimlayotgan Yangi O‘zbekiston qiyofasini belgilab bermoqda.
«Tinchlik har qanday boylikdan ustun», degan hikmat barcha davr va madaniyatlar uchun birdek ahamiyatli haqiqat. Zero, tinchlik hukm surgan joyda yaratuvchanlik, hamjihatlik va taraqqiyot uchun mustahkam zamin vujudga keladi. Aksincha, osoyishtalik yo‘q joyda erishilgan eng katta yutuqlar ham o‘z qadrini yo‘qotadi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda tinchlikparvarlik davlat siyosatining ustuvor tamoyiliga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimiz atrofida o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik muhiti shakllanmoqda. Qo‘shni davlatlar, an’anaviy sheriklar va yangi bozorlar bilan aloqalar izchil mustahkamlanib, aniq manfaat va umumiy maqsadlarga asoslangan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Ochiqlik siyosati samaralari bugun nafaqat diplomatik munosabatlarda, balki iqtisodiy sohada ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xorijiy investitsiyalar hajmi izchil oshib, savdo aylanmasi kengaymoqda, qo‘shma loyihalar soni tobora ko‘payyapti. Bu esa O‘zbekiston atrofida barqaror va ishonchli ishbilarmonlik muhitini qaror toptirmoqda. Natijada so‘nggi yillarda xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyoga, ayniqsa, O‘zbekistonga qiziqishi sezilarli darajada ortdi.
O‘zbekiston tashqi siyosatida kuzatilayotgan bugungi yuksalish bejiz emas. Buning zamirida xalqimizning asrlar davomida shakllangan boy tarixiy tajribasi, bag‘rikeng dunyoqarashi va ochiq muloqot madaniyati mujassam. Dunyo bilan teng huquqli munosabatlar o‘rnatish, o‘zaro manfaatli savdo-sotiqni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi tamoyillar xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviy merosi va sivilizatsion qadriyatlaridan oziq oladi.
Noyob afzallik
Mamlakatimiz dunyoda kam uchraydigan afzalliklarga ega. O‘zbekiston hududi qadim-qadimdan, bir necha yuzyilliklar davomida g‘oyalar, bilimlar va turli mahsulotlar almashinib kelingan markazda joylashgan. Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasi va markazi bo‘lib hisoblangan shaharlar orqali o‘tuvchi yo‘nalishlar bugungi kunda ham ochiqlik ramzi, deya tan olinadi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent singari manzillar turli sivilizatsiyalarning hamkorligi tajribasiga yaqqol misol bo‘lgani holda, aynan shunday ruh bilan sug‘orilgan.
Davlatimiz rahbarining tarixiy meros haqida takror-takror gapirishi bejiz emas. Uchinchi Renessans, degan ibora ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tufayli ijtimoiy-siyosiy doiralarda muomalaga kirdi. Bunday keng ko‘lamli buyuk g‘oyani yangi avlodlar ro‘yobga chiqaradi. Modomiki, zaminimizda avval ham shunday kuchli madaniy-ma’rifiy hodisalar ro‘y bergan ekan, taraqqiyotning yangi bosqichida ham ularga tayansak bo‘ladi.






Mana shu fikrni anglab yetish jamiyatimizning ichki ruhiyatini belgilaydi. Tarix endi faqat yillar va voqea-hodisalar yig‘indisi, ketma-ketligi emas, balki insonning o‘ziga ishonchi, ilhom manbaiga aylandi. So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan xayrli tashabbuslar aynan shu asosda ro‘yobga chiqmoqda. Shunisi muhimki, ular tez sur’atda o‘zbekistonliklarni quvontiradigan, xorijiy mehmonlarning hayratini oshiradigan tarzda namoyon bo‘lmoqda.
Yangi misollardan biri — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi. Uni bunyod etish haqidagi g‘oya Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori minbaridan turib yangragan va mintaqamizdan uzoq o‘lkalarda ham qo‘llab-quvvatlangan edi. Ushbu mega-loyihani amalga oshirish izchillik bilan, bosqichma-bosqich davom etdi. Uni ro‘yobga chiqarish uchun jalb etilgan mutaxassislarni sanab o‘tishning o‘zi qiyin.
Natijada poytaxtning markazida, Hazrati Imom majmuasi yaqinida shunday makon paydo bo‘ldiki, u ko‘lami va g‘oyasiga ko‘ra odatiy muzeylardan ancha farq qiladi. Deyarli 10 gektarga yaqin maydon va 50 ming kvadrat metr hududdagi binolardan iborat bu majmua turli tarixiy davrlarni aks ettiruvchi ekspozitsiyalarni o‘z ichiga oldi.
Oxirgi bir yilda markaz fondi bir yarim mingdan ziyod eksponat bilan to‘ldirildi. Ular orasida yuzlab qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar, tarixiy xaritalar bor. Chet ellik kolleksiya to‘plovchilardan, auksionlardan sotib olingan asl nusxadagi artefaktlar mamlakatimizga qaytarilmoqda. Markaziy zalda Usmon Mushafi, ya’ni dunyodagi eng ko‘hna Qur’onlardan biri joylashtirildi. Uning yonida — turli davrlarga tegishli noyob qo‘lyozmalar. Majmua shunday ziyoratgohga aylandiki, u yerda o‘lkamizning buyuk tarixi va olamga mashhur shaxslarning hayoti haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.
Davlatimiz rahbari markazga tashrif buyurib, u el-yurtimizga, jahon ahliga hamisha beminnat xizmat qilishi haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
— Bugun o‘zligimizni anglash yo‘lida katta tantana bo‘ldi. Ming shukrki, to‘qqiz yil davomida niyat qilib, izlanib, harakat qilib, xalqimizning kimligini, tariximizni haqqoniy aks ettiradigan majmuani barpo etdik. Bu yerga kelgan har bir inson, ayniqsa, yoshlarimiz, qanday ajdodlar avlodi ekanimizni bilishi, anglashi kerak. Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan. Qur’oni karim saqlanadigan muqaddas zal ham shunchaki yaratilgan emas. U yurakdan tug‘ilgan, xalqimizning orzu-intilishlari va buyukligini namoyon etish istagidan paydo bo‘lgan maskandir. Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir.
Germaniyaning «Reiseblick» nashrining «Dunyoda yagona» deb nomlangan maqolada yozilishicha, markaz ta’lim va dinlararo muloqot uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi. Binoning arxitekturasi tarixiy an’analar va zamonaviy muhandislik yechimlarini o‘zida mujassam etgan.
Yevropalik jurnalistlar keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga 12 millionga yaqin sayyohlar tashrif buyurgan. Bunda o‘sish 16 foizni tashkil etgan bo‘lsa, sayyohlik xizmatlari eksporti 4,8 milliard dollarga yetgan. Nashrda e’tirof etilganidek, bunday loyihalar O‘zbekistonning sayohat uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida tanilishiga xizmat qiladi.
An’analarga sadoqat va milliy o‘zlik
Ayni paytda O‘zbekistonning boy merosini yorqin namoyon etish, ziyoratgohlarni obod qilish ishlari mamlakatimizning barcha hududlarida olib borilmoqda. Jumladan, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi yangicha mazmunda qayta shakllantirilib, sezilarli darajada kengaytirildi. Qariyb 45 gektar hududda bir kunda 65 ming nafargacha ziyoratchini qabul qilish imkoniga ega infratuzilma yaratildi, holbuki, avval bu ko‘rsatkich 12 mingdan oshmas edi.







Imom Buxoriy islom olamida alohida o‘rin tutadi. Uning «Sahihul Buxoriy» nomi bilan mashhur asari eng nufuzli hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi. U yigirmadan ortiq asar yozgan bo‘lib, ularning ahamiyati bugungi kunda ham saqlanib qolmoqda.
Majmuada buyuk ajdodimiz merosiga munosib ishlar amalga oshirildi. Bu yerda o‘n ming kishilik masjid, ma’muriy binolar, yuzdan ortiq ustunli ayvon barpo etildi. Muzeyga alohida e’tibor qaratildi. U to‘qqizta pavilondan iborat bo‘lib, ularda Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi namoyish etilgan. Ekspozitsiyalarni yanada tushunarli qilish maqsadida zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda.
Yangilangan majmuaning ochilish marosimida davlatimiz rahbari bunday ob’ektlar ma’rifatga xizmat qilishi va yoshlarga dinning ma’naviy asoslarini yaxshiroq anglashga yordam berishi lozimligini ta’kidladi.
— Ushbu betakror qurilish yangi O‘zbekistonning ulkan imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Ziyoratgoh xalqimiz uchun, jahondagi barcha musulmonlar uchun ezgulik va ma’rifat nurini taratadigan qutlug‘ maskanga aylanadi deb ishonaman. Aminmanki, bu dargohni ziyorat qilib, uning ma’naviy muhitidan bahramand bo‘lgan inson, ayniqsa, yoshlar islom dinining asl ma’nosini anglab yetadi, to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Imom Buxoriy majmuasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni keng yo‘lga qo‘yish, uni haqiqiy tarbiya maktabiga aylantirish, imom-xatiblar va mahalla faollari uchun malaka oshirish dasturlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Samarqanddagi majmua qisqa vaqt ichida sayyohlar uchun albatta borib ko‘rilishi lozim bo‘lgan diqqatga sazovor joylar haqida ma’lumot beruvchi ko‘plab yetakchi nashrlar e’tiboriga tushdi. Britaniyaning «Emergingtravel.news» portali o‘z materiallarida Imom Buxoriy majmuasining qayta rekonstruksiya qilingani va sig‘imi 5-martadan ziyod oshganiga alohida e’tibor qaratdi. Ta’kidlanishicha, keng ko‘lamli qayta qurish ishlari natijasida ziyoratchilar va sayyohlarga qulay sharoitlar yaratilgan. Majmuada an’anaviy me’morchilik va raqamli eksponatlar hamda mehmonxona infratuzilmasini o‘z ichiga olgan zamonaviy yechimlar uyg‘unlashtirilgan. Mualliflarning fikricha, Imom Buxoriy majmuasi chinakam ma’rifat maskaniga aylangan.
So‘nggi vaqtlarda bunday loyihalar mamlakatimizning turli hududlarini bezab turibdi. Samarqandda ko‘p funksiyali «Ipak yo‘li» turistik majmuasi sayyohlarni jalb etmoqda, qadimiy Xorazm zaminida «Arda Xiva» xalqaro markazi barpo etildi. Yaqinda esa Marg‘ilonda «Burhoniddin Marg‘inoniy» ilmiy-ma’rifiy majmuasi tashkil qilindi.




Marg‘ilon — ilmu hunarmandchilik bilan bog‘liq ko‘p asrlik tarixga ega shahar go‘yo yangi hayotbaxsh kuchlarga to‘lgandek. Majmuani ochish marosimida Prezidentimiz ushbu shahar qadimdan ma’rifatparvarlar zamini deb hisoblanganini eslatib, yangi loyihalar ana shu an’anani davom ettirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Milliy me’morchilik an’analari asosida barpo etilgan va 35 gektar hududni egallagan noyob majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, adiblar va san’atkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxonalar va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari kabi ko‘plab bino va inshootlardan iborat. Bularning barchasi, avvalo, ajdodimiz Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik an’analarini saqlash, ziyorat turizmini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari ushbu muhtasham inshoot Yangi O‘zbekistonning noyob obidalari qatorida munosib o‘rin egallab, Farg‘ona viloyatining «tashrif qog‘oz»laridan biriga aylanishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, aynan shunday ma’rifat, ilm-fan va bilim markazlarida orzu qilganimizdek yangi Buxoriy, Termiziy, Farg‘oniy, Xorazmiy va Marg‘inoniylar avlodini tarbiyalab voyaga yetkazishimiz mumkinligini ta’kidladi.
Ilhom bag‘ishlovchi o‘zgarishlar manzarasidagi alohida yorqin jihatlardan biri — Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyining Sohibqiron tavalludining 690 yilligi munosabati bilan rekonstruksiya qilinishi bo‘ldi.



.jpg)


Amir Temur shaxsiyati mintaqa tarixini anglashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda. Mashhur sarkarda va dono hukmdor qudratli davlat barpo etdi, boshqaruv asoslarini yaratdi, ilm-fan va madaniyat rivojini qo‘llab-quvvatladi. O‘sha davr me’moriy yodgorliklari hozirgacha mamlakatimiz va qator boshqa davlatlar qiyofasini belgilab turibdi.
Sohibqironning adolatni boshqaruv tamoyili sifatida ulug‘lagan dono vasiyatlari asrlar osha alohida qadr-qimmat kasb etmoqda va bugun muhim yo‘l-yo‘riq sifatida qabul qilinmoqda.
Yangilangan muzeyni ko‘zdan kechirish chog‘ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev asosiy vazifa ushbu merosni jamiyatga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish ekanini ta’kidladi. Zero, mamlakat taraqqiyoti uchun zarur bilimlarni ajdodlar tajribasidan topish mumkin va buni odamlarga yetkazish muhim.
Davlatimiz rahbarining bu fikri xorijda ham ijobiy aks sado berdi. Yevropaning «EU Reflect» nashri Temuriylar merosiga murojaat qilish milliy o‘zlikni mustahkamlashga xizmat qilishi va O‘zbekistonni boy tarix hamda rivojlanayotgan intellektual salohiyatga ega mamlakat sifatida tanitishini yozdi.
Barqarorlik makoni
Mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqidagi mulohazalarni davom ettirar ekanmiz, bu borada ko‘pincha e’tibordan chetda qolib ketadigan bir jihatni tan olish muhim. Uzoq vaqt davomida aynan iqtisodiy ko‘rsatkichlar «ustqurma»ning qolgan qismini — ijtimoiy tuzilma, madaniy muhit, hatto odamlarning kundalik xatti-harakatlarini shakllantiradi, deb hisoblangan. Bunday yondashuv soddadek tuyulishi bilan qulay bo‘lsa-da, real hayotda har doim ham ish bermaydi. Raqamlardan tashqarida jamiyatning barqarorligini belgilaydigan narsalar bor. Ular qatorida qadriyatlar, tarixiy xotira, bag‘rikenglik va ochiqlik, shuningdek, bilimlarga munosabatni sanab o‘tish mumkin.
So‘nggi yillar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bu omillar ikkilamchi emas. Ular har doim ham statistika bilan o‘lchanmaydi, ammo har doim ishonch darajasiga, investitsiya muhitiga va hamkorlik uchun tayyorlikka bevosita ta’sir qiladi. Bu, ayniqsa, O‘zbekistonda sezilarli.
Asrlar davomida ijtimoiy an’analarga singib ketgan tinchlikparvarlik va muloqotga sodiqlik muhim resursga aylanib bormoqda. Odatda, mojarolarga aralashmagan va izchillik bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga odatlangan mamlakat biznes uchun xavfsiz makon sifatida qabul qilinadi. Ko‘pincha madaniy o‘ziga xoslik sifatida e’tirof etilgan mehmondo‘stlik aslida turizm o‘sishining omili bo‘lib xizmat qiladi. Qadimdan mintaqaga xos bilimga chanqoqlik bugungi kunda texnologiya, ta’lim hamda IT va sun’iy intellekt kabi yangi sohalarga qiziqishda tobora ko‘proq namoyon bo‘lmoqda.
Buni tashqi e’tiroflar ham tasdiqlaydi. Xorijiy kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, aynan tinchlik va xavfsizlik hukmronligi O‘zbekistonni, majoziy ma’noda, global tartibsizliklarning notinch okeanida barqarorlik oroliga aylantiradi. Italiyaning «Il Giornale» gazetasida «O‘zbekiston — G‘arb va Sharq o‘rtasida xavfsiz ko‘prik» nomli maqolada ushbu xususiyatga e’tibor qaratiladi. Maqola muallifi Nunsiya Paganining yozishicha, Yaqin Sharqdagi mojarolar, Fors ko‘rfazidagi keskinliklar va Rossiya — Ukraina inqirozi fonida mamlakat geosiyosiy istisno bo‘lib ko‘rinadi, bir vaqtning o‘zida iqtisodiy imkoniyatlari bilan rom qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Toshkent asta-sekin o‘z atrofida tahlilchilar «barqarorlik makoni» deb ataydigan, u orqali aviatsiya, logistika va turizm yo‘nalishlari o‘tadigan hududni shakllantirmoqda. «Mamlakat harbiy harakatlar frontidan chetda, ichki barqarorlikka ega, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi tabiiy markaz sifatida mustahkamlanmoqda», deb ta’kidlaydi muallif.
Jurnalist yana bir muhim fikrni ta’kidlaydi. O‘zgarib borayotgan global geografiyada tobora ko‘proq yangi yo‘nalishlarni izlayotgan Yevropa mamlakatlari uchun O‘zbekiston avvalgi stereotiplardan xoli ravishda ko‘rib chiqishga arziydigan tanlovga aylanmoqda. Ochiqlik va barqarorlik alohida qiymatga ega bo‘lgan bugungi kunda mamlakat ustunlikka ega.
Biroq global inqirozlar O‘zbekistonni chetlab o‘tgan, deyish u qadar to‘g‘ri emas. Mamlakat iqtisodiyoti global jarayonlarga integratsiyalashgan va shu bois tashqi zarbalar muqarrar ravishda unga ta’sir qiladi. Lekin ko‘rilayotgan tezkor qarshi choralar ta’sirni yumshatish, barqaror sur’atni saqlab qolish imkonini beradi.
Hayratlanarli natijalar Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59 yillik yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilindi. Uning nutqida erishilgan g‘alabali ko‘rsatkichlar ham, strategik mezonlar ham bayon qilindi.


.jpg)
.jpg)

So‘nggi yillarda iqtisodiyotga taxminan 150 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Minglab yangi korxonalar ishga tushirildi va elektr energiyasi ishlab chiqarish sezilarli darajada oshdi. Tovarlar va xizmatlar eksporti uch karra oshdi va umumiy iqtisodiy mahsulot hajmi ham qariyb uch baravarga ko‘payib, 147 milliard dollarga yetdi. Bunday sharoitda mazkur o‘zgarishlar faqat makroiqtisodiy soha bilan cheklanib qolmagani e’tiborli. Kambag‘allik darajasining qariyb 35 foizdan 5,8 foizgacha pasayishi va millionlab o‘zbekistonliklar daromadlarining oshishi odamlarning kundalik hayotiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan natijalardir.
Bir vaqtning o‘zida tashqi baholashlar ham yaxshilanmoqda. 2020-yildan beri O‘zbekiston o‘zining suveren kredit reytinglarini doimiy ravishda oshirib kelmoqda. Mamlakat birinchi marta iqtisodiy erkinlik indeksida «mo‘’tadil erkin» toifasiga kirdi. Global beqarorlik sharoitida ham birinchi chorakda YAIM o‘sishi 8,7 foizni tashkil etdi.
Xalqaro moliya institutlarining munosabati, ayniqsa, diqqatga sazovor. Osiyo taraqqiyot banki vakillari vaziyatni to‘g‘ri baholab, investorlarning mamlakat haqidagi tasavvurlarida sezilarli o‘zgarishlarni qayd etmoqda. Samarqanddagi forumda so‘zga chiqqan OTBning Xususiy sektor operatsiyalari departamenti bosh direktori Izabel Chatterton islohotlar xavflar balansini sezilarli darajada o‘zgartirganini va O‘zbekistonni yanada tushunarli va jozibador bozorga aylantirganini ta’kidladi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, investorlar bu yerda tobora ko‘proq uzoq muddatli imkoniyatlarni ko‘rmoqda. Gap alohida loyihalar haqida emas, asosiy e’tibor energetika kabi barqaror portfelni yaratishga qaratilayotir. Bundan tashqari, hatto dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi kabi an’anaviy cheklovlar ham endi muhim omillar sifatida qabul qilinmaydi.
«Umuman olganda, O‘zbekiston bo‘yicha bizning prognozimiz juda ijobiy. Biz mamlakatga investitsiya kiritishdan juda manfaatdormiz», dedi Izabel Chatterton.
Shunga o‘xshash e’tiroflar Yevropa matbuotida ham o‘z aksini topmoqda. Yana bir italyan nashri «Il Sole 24 Ore»da mamlakatimiz iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlarga e’tibor qaratiladi. «O‘zbekiston xomashyo iqtisodiyotidan diversifikatsiyalangan, tez rivojlanayotgan bozorga aylandi. Xitoy, Rossiya, Yevropa va Yaqin Sharq o‘rtasidagi strategik joylashuvi tufayli mamlakat Markaziy Osiyoning iqtisodiy dvigateliga va Yevropa mamlakatlari uchun muhim sherikka aylanmoqda», deya yoziladi gazetada.
Shubhasiz, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar alohida tashabbuslar yoki qisqa muddatli loyihalar yig‘indisi emas. Ular davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan tashqi ochiqlik, iqtisodiy yangilanish va milliy merosga tayanish tamoyillari o‘zaro uyg‘unlashgan yaxlit taraqqiyot strategiyasining amaliy ifodasidir.
Bu yondashuv chuqur tahlil va uzoqni ko‘zlagan siyosiy tafakkur mahsuli. Unda kelajakni aniq maqsadlar asosida qurish, xalqimizning salohiyati, mehnatkashligi va bunyodkor kuchiga tayanish kabi muhim tamoyillar mujassam. Eng muhimi, ana shu izchillik mamlakat ichida ham, xalqaro hamkorlar va investorlar o‘rtasida ham ishonch muhitini mustahkamlamoqda.
Yangi O‘zbekiston aynan shu mustahkam mantiqiy asos — pragmatik yondashuv va milliy qadriyatlarga sadoqat uyg‘unligi negizida barpo etilmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda kuzatilayotgan salmoqli iqtisodiy o‘sish, xalqaro nufuzning ortishi va jamiyat hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar ana shu siyosatning amaliy samarasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, har bir sohadagi yuksalish, xalqimizning milliy g‘ururi ko‘tarilib, mamlakatimizning jahondagi obro‘-e’tibori oshayotgani ko‘nglimizni to‘lqinlantirayotgani shubhasiz. Quvonch va hayajon, eng nafis, ko‘tarinki tuyg‘ular esa ilhom buloqlarini jo‘sh urdirib, ongu tafakkurni yayratib, yashnatib, ijod chamaniga ajib guldastalar hadya etadi:
Hurlik mangu bo‘lar yashnagan yurtda,
Gullagan bog‘larning tolesi so‘lmas.
Odamlari gulgun yashagan yurtda,
Maqsadlar ulug‘dir, istaklar so‘nmas.
Orzulari qadar falagidir u,
Oqil Yurtboshimning tilagidir u!
Kimlardir bir chetdan so‘zlar, na chora,
Qalblari riyoga, hasadga moyil.
Ularga qudratin etgan oshkora,
Bunyodkor qo‘llarga ofarin, qoyil!
Deyman, ezgu ishlar aylansa davom,
Ko‘ngilni bezaydi yana xush kalom.
Qo‘llab turar piru avliyolarim,
O‘tgan har bir kunim tarix, g‘animat.
Tinchlik — toju taxtim, obodlik — zarim,
Kelajak chorlaydi oldinda faqat —
Elim, ulug‘ yo‘ling etsin bardavom,
Murodu maqsading yor bo‘lsin mudom.
O‘tkir RAHMAT.