“Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi o‘z samarasini bermoqda
Buxoro viloyatida o‘quvchilarning xorijiy tillarni puxta egallashi, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishi, xalqaro ta’lim va mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
“Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Loyiha doirasida 2025/2026 o‘quv yilida viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari uchun xorijiy tillar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholash hamda mustahkamlashga qaratilgan mashg‘ulotlar tashkil etildi.
E’tiborlisi, loyiha o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Xususan, 22 ming 257 nafar bitiruvchi ingliz, fransuz, nemis va koreys tillari bo‘yicha tashkil etilgan mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Ularning 8 ming 130 nafari yoki 36,5 foizi xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘ldi. 4 ming 200 nafardan ziyod o‘quvchi esa sertifikatlash jarayonida yuqori natijalarni qayd etdi.
Bu raqamlar yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqishi ortib borayotgani, ta’lim muassasalarida bu borada olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir.
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasini oshirish, ularni xalqaro ta’lim standartlari asosida bilim olishga rag‘batlantirish va kelgusidagi imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Shu bois, kelgusida ham xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish, o‘quvchilarning til bilish ko‘nikmalarini takomillashtirish, ularni xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishga hamda oliy ta’lim muassasalariga kirishga tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
[gallery-32210]
Zero, xorijiy tillarni puxta egallash yoshlar uchun nafaqat sifatli ta’lim olish, balki xalqaro maydonda o‘z salohiyatini namoyon etish, munosib kasb egallash va yangi imkoniyatlardan foydalanishda ham muhim omildir.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA