Kanada AQSHga muqobil bozor izlamoqda
AQSH bilan savdo mojarosi kuchaygan sharoitda Kanada Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga intilmoqda. Bosh vazir Mark Karni 16-sentabr kuni Strasburgda Ursula fon der Lyayenning YeI haqidagi ma’ruzasida ishtirok etadi. Keyin Kanada – YeI sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ottava YeIga litiy, grafit, nikel kabi muhim xom ashyo yetkazib berish, energetika va mudofaa sohalarida hamkorlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Kanada ayni payt asosan AQSHga yetkazib beriladigan energiyani Yevropa bozoriga yo‘naltirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Mudofaa sohasida Kanada YeIning 150 milliard yevrolik SAFE dasturida ishtirok etyapti, Arktika xavfsizligi esa yangi hamkorlik yo‘nalishi bo‘lishi mumkin.
Kanada uchun AQSH bozoridan uzoqlashish oson emas. Mamlakat iqtisodiyoti Shimoliy Amerika bozori bilan chambarchas bog‘langan. Kanada va YeI o‘rtasida 2016-yil savdo kelishuvi imzolangan bo‘lsa-da, hujjat hali YeI tarkibidagi barcha davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilinmagan. Shu bois Ottava Bryussel bilan aloqani kuchaytirsa ham, Vashington bilan iqtisodiy munosabatni birdaniga almashtirish maqsadini ko‘zlamayapti.
Kanadani YeIga qabul qilish esa shartnomaviy jihatdan mumkin emas: YeI shartnomasining 49-moddasi a’zolikni “Yevropa davlati” maqomiga ega mamlakatlar uchun belgilagan. Shuning uchun hozirgi muhokama to‘liq a’zolik emas, balki yagona bozorga yaqinlashishdek chuqurroq iqtisodiy integratsiya yo‘li atrofida kechmoqda. YeI rasmiylari Norvegiya modeli hozircha kun tartibida emasligini bildirgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA