Kambag‘allikni qisqartirishda ilmiy yondoshuv
O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va mehnat bozorini rivojlantirishda ilmiy xulosalar ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida Kambag‘allik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti faoliyat yuritmoqda. Ushbu dargohning faoliyati va ilmiy natijalar xususida institut direktori bilan suhbatlashdik.
Ushbu dargoh 2024-yilda qayta tashkil etilib, mamlakatda demografik o‘zgarishlar, mehnat bozorida yuzaga kelayotgan tendensiyalar, aholining daromadlari, bandlik, ishsizlik va kambag‘allik holatini chuqur o‘rganuvchi davlat ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. So‘nggi yillarda institut tomonidan mehnat bozori va kambag‘allik sohasida keng ko‘lamli tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mehnat bozori, aholi bandligi va ishsizlik darajasini o‘rganish bo‘yicha ishchi kuchi kuzatuvlari to‘liq raqamlashtirildi. Bugungi kunda maxsus elektron platforma orqali respublika bo‘yicha minglab uy xo‘jaliklarida so‘rovlar o‘tkazilib, mehnat bozori holati haqida aniq va ishonchli ma’lumotlar shakllantirilmoqda.
Institut tomonidan ilk bor xususiy sektordagi korxonalarning ishchi kasblar va mutaxassisliklarga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot o‘tkazildi. Ushbu tadqiqot mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar ro‘yxatini shakllantirish va kadrlar tayyorlash tizimini bozor ehtiyojlariga moslashtirish imkonini bermoqda. Sohadagi o‘zgarishlar va ilmiy-tadqiqot natijalari xususida Kambag‘allik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti direktori Dilshod Karimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
-Tadqiqotlar qanday amaliy natijalarni berdi?
-- 2026-yilning birinchi choragida respublika bo‘yicha 208 ta tuman va shaharda joylashgan 1040 ta mahalladagi 41 600 ta uy xo‘jaligini qamrab olgan ishchi kuchi kuzatuvlari o‘tkazildi. Natijada hududlar kesimida aholi bandligi va ishsizlik holatini baholash imkoniyatlari yanada kengaydi.
Davlat rahbari tomonidan Namangan viloyatiga tashrif hamda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlarda “Aql markazlari” hamda ilmiy tashkilotlarning mahalliy hokimliklar bilan yaqin hamkorlikda ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Kambag‘allik va mehnat bozori tadqiqotlari institutiga Namangan shahar hokimligi biriktirildi.

Institut mutaxassislari tomonidan shahardagi mavjud iqtisodiy salohiyat, ichki zaxiralar hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlashga qaratilgan keng qamrovli ilmiy-amaliy ishlar tashkil etildi. Bu jarayonda “mahalla – hokim yordamchisi – ilmiy muassasa – shahar hokimligi” hamkorlik modeli asosida kompleks diagnostika, tezkor tahlil, idoraviy ma’lumotlar tahlili, so‘rovnoma, fokus-guruh va ochiq muloqotlardan samarali foydalanildi.
- Bu yerda to‘plangan ilmiy tajribalar qanday ahamiyatga ega?
-Tadqiqotlar natijasida Namangan shahrining iqtisodiy o‘sish nuqtalari, sanoat, xizmatlar sohasi, sarmoya, tadbirkorlik muhiti, eksport, mehnat bozori va mahallalardagi imkoniyatlar har tomonlama baholandi. Xususan, shahar viloyat sanoat mahsulotlarining qariyb 30 foizini va xizmatlar hajmining 22 foizdan ortig‘ini shakllantirayotgani, mavjud sanoat zonalarida qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ilmiy asoslarda ko‘rsatib berildi.
O‘rganishlar jarayonida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ta’sir etayotgan infratuzilma, muhandislik kommunikatsiyalari, moliyaviy resurslar, elektr va tabiiy gaz ta’minoti, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari yetishmasligi kabi omillar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi. Ayniqsa, mahallalarda xizmat ko‘rsatishning yangi turlarini tashkil etish, kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish, muhandislik infratuzilmasini yaxshilash va tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar shakllantirildi.

Institut mutaxassislari mahallalarga chiqqan holda amaliy tahlillar o‘tkazib, aholi va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar asosida har bir hududning rivojlanish imkoniyatlarini belgilab berdi. Jumladan, “Haqiqat” mahallasida amalga oshirilgan tahlillar natijasida qo‘shimcha tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, byudjet tushumlarini ko‘paytirish hamda yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.
O‘rganishlar natijalari asosida Namangan shahri uchun kompleks “Yo‘l xaritasi” shakllantirildi. Unda sanoatni rivojlantirish, transport va muhandislik infratuzilmasini takomillashtirish, xizmatlar sohasini kengaytirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, ekologik loyihalarni amalga oshirish, aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslar o‘z ifodasini topdi. Jumladan, sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash, ko‘priklar va ichki yo‘llarni qurish hamda rekonstruksiya qilish, kichik sanoat zonalarini muhandislik tarmoqlariga ulash, ekoparklar tashkil etish, kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Shu bilan birga, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini zamonaviy boshqaruv yondashuvlari asosida takomillashtirish yuzasidan ham muhim takliflar ishlab chiqildi. Xususan, shahar hokimligi va unga qarashli tashkilotlarda kadrlar diagnostikasini o‘tkazish, xodimlarning kasbiy kompetensiyalarini baholash, ularni “Aql markazlari” ishtirokida maqsadli o‘qitish hamda Business Process Engineering asosida boshqaruv jarayonlarini qayta tashkil etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar tayyorlandi. Bu takliflar mahalliy boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish, qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish va natijadorlikka erishishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, mazkur hamkorlik modeli ilmiy tadqiqotlarning amaliy natijadorligini ta’minlash, mahalliy muammolarni chuqur tahlil qilish hamda ularning yechimi bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqishda samarali vosita ekanligini namoyon etdi. Kambag‘allik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti tomonidan Namangan shahar hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar davlat rahbari belgilab bergan “Aql markazlari” faoliyatining amaliy ifodasi bo‘lib, hududlarni ilmiy yondashuvlar asosida kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA