“Yoshlar tinchlik uchun” birlashdi
Toshkent shahridagi "Yoshlar ijod saroyi"da Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati taqdimoti hamda “Yoshlar tinchlik uchun” Birlashgan Millatlar Tashkilotining Modeli bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari va vakillari, yosh liderlar, shuningdek, xalqaro maydonda yoshlar orasida nufuz qozongan xorijlik yoshlar ishtirok etib, o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarga “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, tashkiliy tuzilmasi xususida tushunchalar berildi.

Qayd etilganidek, Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati tashabbusi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan bo‘lib, dunyo yoshlarini tinchlik yo‘lidagi global harakatga birlashtirishga qaratilgan.
Tadbir xalqaro ekspertlar va yoshlar yetakchilarini tinchlik, totuvlik va o‘zaro hamkorlik yo‘lida bir maskanda jamlaydi. Unda yoshlar tomonidan harakat faoliyatini yanada kengaytirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar ishlab chiqiladi.
G.Boboyeva, O‘zA