Jurnalistlarning sudlar bilan ishlashdagi ko‘nikmasi oshirildi
Avval xabar qilganimizdek, Termizda "Ommaviy axborot vositalarida sud organlari faoliyati va sud jarayonlarini yoritishda jurnalist va blogerlarning kasbiy malakasini oshirish" mavzusiga bag‘ishlangan hududiy trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etgan tadbir ikki kun davom etdi.
Mashg‘ulotning dastlabki kunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jamoatchilik bilan aloqalar markazi bosh konsultanti Aziz Abidov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari trenerlari Dainius Radzevichius va Olena Cherniyavskalar mamlakatimizdagi sud-huquq tizimi, ochiq odil sudlov tamoyillari, sud va huquqiy reportajlarning o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, sudlar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi xalqaro standartlar haqida ma’lumot berdi.

Tadbir qatnashchilari sud tizimining asosiy tuzilmasi, jumladan, jinoyat, fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy sudlar, ochiq va sayyor sud majlislarining huquqiy asoslari, sud jarayonida oshkoralikning ahamiyati, sud reportajlari va huquqiy reportajlarning farqi, huquqiy reportajning maqsad va dolzarbligi, jamoatchilik fikrini shakllantirishda huquqiy reportajning roli kabi mavzulardagi ma’ruzalarni tingladi.

Yevropa ittifoqi va Yevropa Kengashining sudlar hamda ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi xalqaro standartlari, adolatli sudlov huquqi, fikr bildirish erkinligi va sud hokimiyatini tanqid qilish huquqi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, milliy sud tizimining umumiy standarti va odil sudlovning ochiqligi prinsiplari mavzuidagi mashg‘ulotlar orqali odil sudlov sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.

Xorijlik ekspertlar trening sessiyalarida huquqiy yoritishda axloqiy va huquqiy chegaralar, sudni hurmat qilmaslik va tuhmat xavflarini tushunish singari mavzularda ham fikr almashdi. "Sud tizimi va huquqiy atamalarni qanchalik yaxshi bilasiz?" mavzuidagi interfaol test o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarning ikkinchi kuni jurnalist va blogerlar ommaviy axborot vositalari vakillari huquqiy ma’lumotlarni qanday topishi, jurnalistik surishtiruv, aniqlik va faktlarni tekshirish, huquqiy reportajlarning shakl va turlari xususidagi Yevropa tajribasi bilan tanishtirildi. Guruhlarda interfaol mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ommaviy axborot vositalari va sud organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘llarini atroflicha muhokama qildi.

– Mashg‘ulotlar juda qiziqarli bo‘ldi, – deydi “Surxon tongi” viloyat gazetasi muxbiri D. Qo‘zimurodova. – Ikki kun davomida nafaqat mamlakatimiz, balki Yevropa davlatlari sud tizimi va sudlar faoliyatini yoritadigan jurnalistlarning axborotlarni olish va tarqatish uslublari bilan ham tanishdik. Murakkab huquqiy masalalarni auditoriyaga sodda, tushunarli va ommabop tilda izohlash, axborotning aniqligi, dalillarni tekshirish va qonuniy asoslarda olingan axborot manbalaridan foydalanish kabi ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

Bahs-munozaralar, qiziqarli savol-javoblarga boy bo‘lgan trening mashg‘ulotlari yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikat topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri