Bojxona boshqarmasida maxsus surishtiruv xonasi ish boshladi
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasida zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan maxsus surishtiruv xonasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu xona surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv jarayonlarini qonunchilik talablari asosida tashkil etish, protsessual harakatlarning qonuniyligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, jarayon ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Yangi xonaning ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Bojxona qo‘mitasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i A.Axlimirzayev hamda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari I. Seydemetov ishtirok etdi.
Xonada so‘roq qilish, yuzlashtirish, shaxsni tanib olish kabi protsessual harakatlarni o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, video-konferens-aloqa vositalari orqali masofaviy protsessual harakatlarni amalga oshirish imkoniyati ham mavjud.

Mazkur xonaning foydalanishga topshirilishi bojxona organlarida surishtiruv faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, protsessual harakatlarni samarali tashkil etish va fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri