Jurnalistlar uchun yangi muloqot maydoni yaratildi
Mamlakatimizda qalam ahlining erkin ijod qilishi, media sohasining tobora rivojlanishi yo‘lida barcha sharoitlar yaratilmoqda. Ana shu islohotlar samarasi o‘laroq O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Muloqot klubi”dagi navbatdagi uchrashuvda jurnalistlar, jamoatchilik vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Uyushma tomonidan ekspertlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan media sohasini rivojlantirishga qaratilgan takliflar batafsil muhokama qilindi.

Muloqot jarayonida har bir ishtirokchining fikr-mulohazalari tinglanib, kelgusida amalga oshiriladigan hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Yakunda “Jurnalistlar muloqot klubi” doirasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazib borish, sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda davlat organlariga takliflar tayyorlashga kelishib olindi.
N.Usmonova,
O‘zA