Amir Temurning tarixiy merosiga bag‘ishlandi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek davlatimiz rahbarining joriy yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori tarixiy, madaniy va ma’naviy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu qaror asosida o‘tkazilayotgan tadbirlar milliy tariximizni yuksak qadrlash, yosh avlodni tarixiy tafakkur, milliy g‘urur va fuqarolik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Amir Temurning tarixiy roli, millat taraqqiyotidagi o‘rni hamda fuqarolik ongini shakllantirishdagi strategik ahamiyati haqida chuqur fikrlar bildirdilar. Shuningdek buyuk sarkardaning jasorat, donishmandlik va adolat tamoyillari hamda strategik tafakkuri yoshlarni milliy g‘urur, mas’uliyat va fuqarolik ruhida tarbiyalashda muhim ekanini ta’kidlashdi. Ular tarixiy bilimlarni yuksak qadrlash va Vatan manfaatlarini himoya qilish tajribasini bugungi kun boshqaruvi uchun ham o‘rnak sifatida baholadilar.
Tadbir davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Umuman olganda, ushbu tadbir bobomizning tarixiy merosini yuksak qadrlash, yosh avlodni milliy g‘urur, tarixiy tafakkur ruhida tarbiyalash borasida ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri