Jizzaxlik tarbiyachining tajribasi
Ertalabdan Jizzax shahridagi 12-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hovlisida qushlar sayrog‘i avjiga chiqadi, bolalar kulgisi jaranglaydi. Bir burchakda esa qo‘g‘irchoqlar — ajoyib ertaklarning qahramonlari.
Bir vaqtlar tashlandiq ahvolga kelib qolgan bino bugun 180 nafar bola uchun shinam, zamonaviy, mehrga to‘la ta’lim-tarbiya maskaniga aylangan. Uning bunday ajoyib holga kelishida shu muassasa direktori, oliy toifali logoped, dotsent Mamlakat Ermatovaning xizmatlari katta.

Bu yerda bolalar o‘ynab-kulishadi, orzu qilishadi, yangi do‘stlar orttirashadi...
Bog‘chada qo‘g‘irchoqlar ham oddiy o‘yinchoq emas. Ular tarbiyachilarning qo‘l mehnati, qalb harorati, mehri bilan yaratilgan.

— Bolajonlar dunyoni o‘yin orqali anglaydi, — deydi Mamlakat opa. — Shuning uchun biz ular bilan o‘yin tilida gaplashamiz. Har bir bola — alohida olam. Uni tushunish uchun esa, avvalo, uning qalbiga kirish kerak.

Ana shu falsafa Mamlakat Ermatovani oddiy tarbiyachilikdan haqiqiy rahbarga aylantirdi. “Yil tarbiyachisi”, “Yil ayoli”, “Tashabbus” tanlovlari g‘olibasi, qirqdan ortiq ilmiy ishlar muallifi sifatida u maktabgacha ta’limga o‘z yo‘lini, o‘z maktabini olib kirdi.

Ammo u uchun eng katta yutuq — mukofotlar emas. Bu — bolalarning ko‘zidagi ishonch. Bu ishonch uni yanada yuksak marralarga yetakladi. “Lider ayol” respublika tanlovidagi g‘alaba — ana shu mehnatga berilgan yuksak baho bo‘ldi. Biroq bu yutuq uni to‘xtatmadi. Aksincha, yanada katta mas’uliyat, yangi kuch, yangi g‘ayrat bilan ishlashga undadi.

Xitoy Xalq Respublikasiga qilingan malaka oshirish safari uning qarashlarini yangi ranglar bilan boyitdi. Yetti kun, 146 soatlik ilmiy-amaliy mashg‘ulotlar — bu shunchaki safar emas, balki yangi bilimlar, yangi dunyoqarash, yangi ilhom manbai bo‘ldi.
U yerda u faqat o‘rganmadi. O‘zini, o‘zligini ham namoyon qildi. Qo‘g‘irchoq orqali ta’lim berish metodikasi xitoylik bolalar ishtirokida amalda sinab ko‘rildi va yuqori baholandi.

— Eng quvonarlisi, — deydi opa samimiyat bilan, — milliy qo‘g‘irchoqlarimiz asosida yaratgan metodikam ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu men uchun katta baxt.
Bu e’tirof — faqat shaxsiy yutuq emas. Bu — milliy pedagogikamizning xalqaro maydondagi aks-sadosidir.
Xitoydagi ilg‘or tajribalar — ekologik ta’lim, raqamli texnologiyalar, erkin fikrlash muhiti — unda katta taassurot qoldirgan bo‘lsa-da, u eng muhim xulosani aniq va ravshan bayon qildi:

— Milliylik va zamonaviylik uyg‘unligi — taraqqiyotning eng to‘g‘ri yo‘li.
Bu so‘zlar ortida yillar mobaynida orttirilgan katta tajriba, izlanish, eng muhimi — o‘ziga nisbatan qat’iy ishonch bor.

Bugun mamlakatimizda ta’lim sohasida katta izlanishlar olib borilmoqda. Bu izlanishlarning asosida albatta yetuk texnologiyalar, shuningdek, yuksak ma’naviyat, mehr-muhabbat va katta mas’uliyat yotadi.
Mamlakat Ermatova ana shularni yurakdan his qilgan, bugungi kunning ilg‘or pedagog ayollaridandir.
Abdujalol Qayumov (surat), O‘zA muxbiri