Jizzaxda jurnalistlar yetakchisi saylandi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limining hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bo‘limning o‘tgan besh yil davomida amalga oshirgan faoliyati sarhisob qilinib, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama etildi.

Tashkiliy masala muhokamasi chog‘ida O‘zAning Jizzax viloyati bo‘yicha sharhlovchisi Abdujalol Qayumov nomzodi ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan nomzod O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi etib saylandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, bo‘limning boshqaruv kengashi va nazorat-taftish kengashi a’zolari shakllantirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining respublika hisobot-saylov konferensiyasiga delegatlar ham saylandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov so‘zga chiqdi.
N.Bozorova, O‘zA