Bolajonlarga xursandchilik ulashildi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan “Yulduzcha” maktabgacha ta’lim tashkilotida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad bolalarga bayramona kayfiyat ulashish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda mehr-oqibat va e’tibor muhitini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Bayram dasturi doirasida tarbiyalanuvchilar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shuningdek, bolalar ishtirokida turli qiziqarli o‘yinlar va musobaqalar tashkil qilindi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi va sog‘lom voyaga yetishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida to‘xtaldi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi vakillari tomonidan bolalarga bayram tabriklari yo‘llanib, sovg‘alar topshirildi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi va bolalar uchun unutilmas bayramga aylandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA