Harbiylar “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovida bellashdi
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ko‘tarinki kayfiyat va qizg‘in ijodiy bellashuvlarga boy o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarining topqirligi, hozirjavobligi va sahna mahoratini namoyish etdi.
Tanlov davomida jamoalar tomonidan tayyorlangan qiziqarli sahna ko‘rinishlari, hazil-mutoyibaga boy chiqishlar va hajviy nomerlar tomoshabinlarga xush kayfiyat ulashdi. Ishtirokchilar so‘zga chechanlik, vaziyatga hozirjavoblik bilan yondashish, ijodiy fikrlash va jamoaviy hamjihatlik borasida o‘zaro kuch sinashdi.
Mazkur ko‘rik-tanlov harbiy xizmatchilarning ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, ular o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, jamoalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni shakllantirishga xizmat qildi.
[gallery-32082]
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar okrug qo‘shinlari qo‘mondonining esdalik va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. Munosib natija ko‘rsatgan jamoalar esa Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkaziladigan navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA