Samarqandning kuzgi tarovati
Kuz – tabiatning eng nafis va betakror fasllaridan biri. Bu faslda borliq o‘zgacha tarovat kasb etib, atrofga sokinlik va osoyishtalik bag‘ishlaydi. Ayniqsa, qadimiy va hamisha navqiron Samarqandning kuzgi manzaralari kishiga o‘zgacha zavq ulashadi.
Ayni kunlarda ko‘hna shaharda kuzning o‘ziga xos nafasi sezilmoqda. Garchi dov-daraxtlar hali to‘liq oltin tusga kirmagan bo‘lsa-da, sarg‘ayishga yuz tutgan barglar, mayin shabada va musaffo osmon shahar qiyofasiga o‘zgacha joziba bag‘ishlamoqda. Asrlar sinovidan o‘tgan tarixiy obidalar, muhtasham me’moriy yodgorliklar va ular atrofidagi kuzgi manzaralar o‘zaro uyg‘unlashib, betakror go‘zallik hosil qilmoqda.
Samarqandning har bir go‘shasida tarix va tabiat uyg‘unligini his etish mumkin. Qadimiy obidalar bag‘ridagi xazonrezgi, daraxtlar orasidan taralayotgan quyosh nurlari, osudalikka cho‘mgan xiyobonlar kuz faslining bor go‘zalligini namoyon etadi. Bunday manzaralar nafaqat ko‘zni quvontiradi, balki qalbga xotirjamlik bag‘ishlab, kishini mushohadaga chorlaydi.
Har bir faslning o‘z fayzi, o‘z tarovati bor. Bahor yasharish va yangilanish ramzi bo‘lsa, yoz hayot jo‘shqinligini, qish esa oppoq manzaralari bilan poklik va osoyishtalikni ifodalaydi. Kuz esa o‘zining sokinligi, ranglar jilosi va fayzli manzaralari bilan ijod ahliga ilhom, tabiat shaydolariga zavq bag‘ishlaydi.
[gallery-32222]
Oltin kuz og‘ushidagi Samarqand ana shunday betakror manzaralari bilan yanada maftunkor ko‘rinmoqda. Tarix nafasi ufurib turgan ko‘hna shaharning kuzgi tarovati har bir qalbga iliqlik, sokinlik va xotirjamlik ulashsin!
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA